Prezident Shavkat Mirziyoyev raqamli ta’lim ekotizimini rivojlantirishga oid taqdimot bilan tanishdi. Unda 2030-yilgacha 5,5 million nafar yoshni o‘qitish, har yili 1 million nafar yoshga raqamli texnologiyalar bo‘yicha ta’lim berish va yangi ish o‘rinlari yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bugun, 20-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raqamli taʼlim ekotizimini rivojlantirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda axborot texnologiyalari sohasida 2030-yilgacha 300 mingta ish o‘rni yaratish maqsadiga joriy yilning o‘zida erishilgani qayd etildi. Endi raqamli iqtisodiyotning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish hisobiga 2030-yilgacha yana 500 mingta ish o‘rni yaratish vazifasi qo‘yilmoqda.
Buning uchun yoshlarni oʻqitishdan boshlab, kasbiy koʻnikmalarini tasdiqlash va ishga joylashtirishgacha boʻlgan jarayonlarni qamrab oluvchi yagona raqamli taʼlim ekotizimini shakllantirish zarur. Taqdimotda 2030-yilgacha 5,5 million nafar yoshni anʼanaviy va masofaviy shakllarda oʻqitishga qaratilgan yondashuvlar koʻrib chiqildi.
Maktab o‘quvchilari uchun “Al-Xorazmiy vorislari” va “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihalarini kengaytirish, oliy ta’lim muassasalari hamda xususiy o‘quv markazlari imkoniyatlarini birlashtirish taklif etildi.
Shuningdek, robototexnika, kompyuter o‘yinlarini yaratish, startaplar va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda yiliga 1 million nafar yoshni o‘qitish vazifasi belgilandi. Buning uchun milliy trenerlar korpusini shakllantirish, onlayn taʼlim platformalari va qisqa muddatli raqamli kurslarni tezroq ishga tushirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirib, ularning natijalarini amaliyotga keng joriy etish zarurligi taʼkidlandi.
Oliy ta’limda sun’iy intellekt, mikrosxemalarni loyihalash, dron texnologiyalari va kompyuter o‘yinlarini ishlab chiqish kabi yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, informatika o‘qituvchilarining sun’iy intellekt bo‘yicha bilimlarini oshirish va ularni sertifikatlash, talabalar uchun xalqaro raqamli ta’lim kurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Farg‘ona tajribasi asosida iOS dasturchilarini tayyorlash markazlarini tashkil etish hamda xususiy ta’lim markazlari uchun mentorlar tayyorlash takliflari ma’qullandi.
Yoshlarning olgan bilim va ko‘nikmalarini mehnat bozori bilan bog‘lash maqsadida “Raqamli yoshlar” platformasini rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Unda yoshlarning ta’limi, kasbiy ko‘nikmalari, til bilish darajasi va sertifikatlari haqidagi ma’lumotlar jamlanadi. Shuningdek, ularga mos bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qilish va bandligini kuzatib borish ko‘zda tutilgan.
Taqdimotda raqamli ta’limga xalqaro texnologik kompaniyalarni jalb qilish va grantlar miqdorini oshirish masalalari ham muhokama qilindi. O‘tgan yili ushbu yo‘nalishda 22 million dollar grant jalb qilingan. Bu ko‘rsatkichni joriy yil yakunigacha 60 million dollarga, 2030-yilga borib esa yiliga 100 million dollarga yetkazish topshirildi.
Joriy yilda jalb qilinadigan grant mablag‘larining yarmini raqamli ta’limga, qolgan yarmini malaka oshirish dasturlari hamda chekka hududlarda raqamli ta’lim markazlarini tashkil etishga yo‘naltirish belgilandi. Markazlar sun’iy intellekt, robototexnika va dasturlashni o‘rgatish uchun zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi.
Prezident raqamli ta’limda qamrov bilan birga o‘qitish sifati va uning bandlikka ta’siri ham asosiy mezon bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Mas’ullarga belgilangan maqsadlarga erishish, hududlardagi imkoniyatlarni kengaytirish, xususiy sektor va xalqaro hamkorlar bilan ishlashni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.


