“Bayram kunlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi

“Bayram kunlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Bayram kunlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjatda umumxalq, kasb, muhim va xalqaro sanalarga oid bayramlarni belgilash, tashkil etish va o‘tkazish tartibini qonun bilan tartibga solish taklif etilmoqda.

 

Muhokamalar portaliga “Bayram kunlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi joylashtirildi. Loyiha 20-oktyabrdan 4-noyabrgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.

 

Qonun loyihasida bayram kunlarining turlari, ularni belgilash, tashkil etish va o‘tkazish tartibi nazarda tutilgan.

 

Hujjatda bayramlar umumxalq bayramlari, kasb bayramlari, muhim sanalarga bag‘ishlangan bayramlar hamda xalqaro sanalarga oid bayramlarga ajratilgan.

 

Loyihaga ko‘ra, umumxalq va kasb bayramlari qonun bilan belgilanadi. Muhim sanalarga oid bayramlar Prezident farmonlari va qarorlari asosida, O‘zbekistonda nishonlanadigan xalqaro sanalarga oid bayramlar esa Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi mumkin.

 

Loyihaga ko‘ra, quyidagilar umumxalq bayram kunlari hisoblanadi:

 

  • 1-yanvar — Yangi yil;
  • 8-mart — Xotin-qizlar kuni;
  • 21-mart — Navroʻz bayrami;
  • 9-may — Xotira va qadrlash kuni;
  • 1-sentyabr — Mustaqillik kuni;
  • 1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni;
  • 8-dekabr — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni;
  • Roʻza hayit (Iyd al-Fitr) diniy bayramining birinchi kuni;
  • Qurbon hayit (Iyd al-Adha) diniy bayramining birinchi kuni.

 

Ushbu kunlar ishlanmaydigan bayram kunlari hisoblanadi.

 

Shuningdek, quyidagilar kasb bayram kunlari hisoblanadi:

 

  • 8-yanvar — Prokuratura organlari xodimlari kuni;
  • 26-yanvar — Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni;
  • 1-fevral — Transport xodimlari kuni;
  • 22-mart — Mahalla tizimi xodimlari kuni;
  • aprel oyining birinchi yakshanbasi — Geologiya sohasi xodimlari kuni;
  • 15-aprel — Madaniyat va sanʼat xodimlari kuni;
  • 18-aprel — Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi xodimlari kuni;
  • 7-may — Axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasi xodimlari kuni;
  • may oyining uchinchi yakshanbasi — Konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni;
  • 9-iyun — Arxiv xodimlari kuni;
  • 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni;
  • iyun oyining oxirgi yakshanbasi — Savdo, matlubot kooperatsiyasi va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish xodimlari kuni;
  • 4-avgust – Milliy gvardiya organlari xodimlari kuni;
  • 20-avgust — Tadbirkorlar kuni;
  • avgust oyining birinchi yakshanbasi — Temir yoʻl transporti xodimlari kuni;
  • avgust oyining ikkinchi yakshanbasi — Qurilish sohasi xodimlari kuni;
  • avgust oyining uchinchi yakshanbasi — Oʻzbekiston Respublikasining Havo Floti Kuni;
  • 26-sentyabr — Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni;
  • 20-oktyabr – Oʻzbekiston qutqaruvchilar kuni;
  • 25-oktyabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni;
  • 11-noyabr — Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni;
  • noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi — Tibbiyot xodimlari kuni;
  • dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi — Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni.

 

Kasb bayramlarini respublika, hududiy va tuman (shahar) darajasida tashkil etish uchun mas’ul tashkilotlar belgilanmoqda. Bayram tadbirlarini o‘tkazishda jamoat tartibi, xavfsizlik, tibbiy xizmat, sanitariya va yong‘in xavfsizligini ta’minlash talablari ham belgilangan.

 

Tadbirlarni moliyalashtirish mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari, tashkilotlarning budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari, homiylik xayriyalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi mumkin.

 

Bundan tashqari, ish beruvchilar bayram kunlari munosabati bilan xodimlarga mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi mukofotlar to‘lashi mumkinligi nazarda tutilgan.

 

Eslatib o‘tamiz, ishlanmaydigan kunlarda mehnat qilgan xodimlarga kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi. Bu tartib Mehnat kodeksida belgilangan.