Shimoliy Irlandiyadagi yuzlab maktablarga elektron pochta orqali bomba qo‘yilgani haqida tahdidli xabarlar yuborildi. Xabar oxirida ‘‘Allohu akbar’’ deb yozilgan.
Shimoliy Irlandiya politsiya xizmati (PSNI) ma’lum qilishicha, hozirgacha 300 ga yaqin maktabga bir xil mazmundagi, umumiy tahdidni o‘z ichiga olgan elektron xabar kelib tushgan.
Avvalroq Shimoliy Irlandiya ta’lim vaziri Pol Givan Stormontdagi jurnalistlarga 150 dan ortiq maktabga bomba tahdidi yuborilganini ma’lum qilgan edi.
“Bugun ertalab 160 ga yaqin maktab tahdidli xabar oldi. Mening tushunishimcha, bu islomchilar tomonidan yuborilgan bo‘lib, ular mamlakatimizda shariat qonunlari joriy etilishini va maktablar hududida portlovchi qurilmalar mavjudligini aytishgan. Xabar oxirida ‘Allohu akbar’ deb yozilgan’’, degan vazir.
Vazirning ta’kidlashicha, hozircha maktablarga ushbu tahdidni xavf sifatida baholamaslik tavsiya qilingan. Shunga qaramay, xabarlar jiddiy xavotirga sabab bo‘lgan.
U ayrim maktablar tahdid tufayli yopilganini ham ma’lum qildi.
“Yoshlarning ta’lim olishi izdan chiqarilganini qat’iy qoralayman. Bunday darajadagi uzilish yuzaga kelgani meni chuqur ranjitadi”, — dedi u.
Maktablarga tegishli ko‘rsatmalar yuborilgan, rahbarlar esa vaziyatdan xabardor qilib borilmoqda.
Avvalroq Shimoliy Irlandiya maktablarida isitish xarajatlarini kamaytirish uchun o‘quvchilarga qalinroq kiyinish buyurilgani haqida xabar bergan edik.
