Hukumat 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni vaqtincha taqiqlashni ma’qulladi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi miqyosidagi qoidalar kuchga kirguniga qadar platformalardan foydalanuvchilarda qaramlikni keltirib chiqaruvchi funksiyalarni standart holatda o‘chirib qo‘yish talab etilmoqda.
Germaniya Vazirlar Mahkamasi joriy yil 14-oktyabr kuni bolalar va yoshlarni internetda yaxshiroq himoya qilishga qaratilgan siyosiy yo‘nalishlarni ma’qulladi. Ular qatoridan Yevropa miqyosidagi qoidalar kuchga kirguniga qadar 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga mamlakat miqyosida taqiq joriy etish ham o‘rin olgan.
Rejalashtirilgan chora-tadbirlar bolalarni internetdagi xavf-xatarlardan himoya qilish, ularda raqamli vositalardan to‘g‘ri va malakali foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda raqamli dunyoda faol ishtirok etish imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ushbu tashabbuslar o‘tgan oy 56 ta tavsiyani o‘z ichiga olgan yakuniy hisobotini taqdim etgan mustaqil ekspertlar komissiyasi xulosalariga asoslangan.
“Тahlil yakunlandi, endi tavsiyalarni amalga oshirish vaqti keldi. Yangi asoslar orqali federal hukumat sifatida bolalar va yoshlarning raqamli dunyoda ham xavfsiz va mustaqil ulg‘ayishi uchun zarur sharoitlarni yaratmoqdamiz. Bizning vazifamiz — himoya qilish, imkoniyatlarini kengaytirish va ishtirokini ta’minlash. Internet, ayniqsa, yoshlar hayotining ajralmas qismiga aylangan. Shu sababli ularni raqamli dunyodan chetlatishni emas, balki undagi qiyinchiliklarga bardosh bera oladigan darajada tayyorlashni istaymiz”, — degan Germaniya ta’lim va oila ishlari vaziri Karin Prien bayonotida.
Yangi qoidalarga ko‘ra, 13 yoshga to‘lmagan bolalarga TikTok, Snapchat va Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish, umuman olganda, taqiqlanadi. Faqat bolalar uchun maxsus ishlab chiqilgan platformalardan foydalanishga ruxsat beriladi.
13 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun esa yoshiga qarab turli cheklovlar belgilanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, hukumat 2027-yildan boshlab foydalanuvchilarning yoshini ishonchli tekshirish tizimini joriy etmoqchi. Bu Germaniyada Yevropa Ittifoqining “Raqamli identifikatsiya hamyoni” — EU Digital Identity Wallet tizimi asosida ishlab chiqiladigan “d-you” vositasi orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, Germaniya ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilarda qaramlikni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan dizayn va funksiyalarni ham standart holatda o‘chirib qo‘yishni talab qilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq, Yevropa Ittifoqi 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlamoqchiligi haqida xabar berilgandi.
