Yangi tartib loyihasida davomatni nazorat qilishda ta’lim muassasalari ma’muriyati, ichki ishlar organlari va mahalla vakillarining hamkorligini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Ichki ishlar vazirligining “Nodavlat ta’lim tashkilotlarida ichki ishlar organlari profilaktika katta inspektorlari va voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha (katta) inspektorlarining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror loyihasi muhokamalar portaliga joylashtirildi.
Loyiha doirasida voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha profilaktika inspektorlari ta’lim muassasalari ma’muriyati va mahalla fuqarolar yig‘ini raislari bilan hamkorlikda “oila — mahalla — maktab” tamoyili asosida davomatni yaxshilash choralarini ko‘rishi nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari sababsiz darsga kelmagan o‘quvchilar ro‘yxatini har kuni inspektor-psixologlarga taqdim etib boradi. Shuningdek, o‘quvchilarning dars mashg‘ulotlarida to‘liq qatnashishi kuzatuv kameralari orqali aniqlanishi mumkin.
Profilaktika inspektorlari sababsiz va muntazam ravishda dars qoldiradigan o‘quvchilar ro‘yxatini umumlashtirib boradi. Ular ta’lim muassasasi ma’muriyati bilan birgalikda ota-onasi yoki yaqinlari bilan xorijga chiqib ketgan o‘quvchilar ro‘yxatini ham shakllantiradi.
Muntazam (surunkali) dars qoldirish – oʻquvchining sababsiz ravishda oʻquv haftasida ketma-ket 3 kun, shuningdek, bir oy mobaynida 10 kundan ortiq dars mashgʻulotlariga qatnashmaslik holati.
Bunday o‘quvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar orqali xorijdagi manzili, u yerda bo‘lish maqsadi, ijtimoiy ahvoli va ta’limga jalb etilgan-etilmagani aniqlashtiriladi. Zarur hollarda o‘quvchilarni O‘zbekistonga qaytarish va ta’limga jalb etish yuzasidan idoralararo hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Loyihada davomatni noto‘g‘ri yuritish yoki bu borada yolg‘on axborot berish holatlariga ham e’tibor qaratilgan. Bunday holatlar aniqlansa, inspektor-psixolog tuman (shahar) ichki ishlar organi boshlig‘i nomidan ta’lim muassasalarining hududiy boshqaruv bo‘limlariga taqdimnomalar kiritilishini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, profilaktika inspektorlari ta’lim muassasalari ma’muriyati va mahalla raislari bilan birgalikda muntazam dars qoldiradigan o‘quvchilarni aniqlashi, ularning darsga qatnashmaslik sabablarini o‘rganishi hamda ta’lim olishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish choralarini ko‘rishi belgilangan.
Shuningdek, o‘quvchilarning yashash manziliga borib, ota-onalari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazish, aniqlangan muammolarni hal qilish uchun tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan. Muntazam dars qoldiradigan o‘quvchilarning ota-onalari bilan mahalla fuqarolar yig‘ini binosida yoki oilalarida muhokamalar va profilaktik suhbatlar tashkil etiladi.
Avvalroq, loyiha doirasida xususiy maktab va universitetlarda inspektor lavozimlari joriy etilishi haqida xabar bergan edik.
