Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, joriy o‘quv yilidan boshlab xususiy oliy ta’lim muassasalari va maktablarda ichki ishlar organlari xodimlari uchun alohida lavozimlar tashkil etishga ruxsat beriladi.
Ichki ishlar vazirligining ‘‘Nodavlat ta’lim tashkilotlarida ichki ishlar organlari profilaktika katta inspektorlari va voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha (katta) inspektorlarining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida’’ loyihasi muhokamalar portaliga joylandi.
Taqdim etilgan qaror loyihasiga ko‘ra, nodavlat ta’lim tashkilotlari o‘z mablag‘lari hisobidan quyidagi lavozimlarni joriy etishga ruxsat beriladi:
- Xususiy oliy ta’lim muassasalarida — profilaktika katta inspektori hamda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor;
- Xususiy maktablar va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarida — voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixolog yoki katta inspektor-psixolog.
Mazkur lavozimlarga xodim ajratish uchun ta’lim tashkiloti hududiy ichki ishlar organlariga murojaat qiladi. Shundan so‘ng tomonlar o‘rtasida shartnoma tuzilib, yangi shtat birliklari ichki ishlar vaziri buyrug‘i asosida joriy etiladi. Bo‘sh lavozimni xodim bilan to‘ldirish uchun hududiy ichki ishlar organlariga 30 kun muddat beriladi.
Loyihada voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Ular o‘quvchilar o‘rtasida huquqbuzarlik, zo‘ravonlik, bulling, giyohvandlik va ekstremistik g‘oyalar ta’sirining oldini olish choralarini amalga oshiradi.
Shuningdek, inspektor-psixologlar maktab ma’muriyati, psixologlar, pedagoglar, ota-onalar va mahalla vakillari bilan hamkorlikda muammoli vaziyatga tushgan o‘quvchilar bilan individual ish olib boradi. O‘quvchilarning xulq-atvoridagi salbiy o‘zgarishlar, oilaviy muammolar va darslarga muntazam qatnashmaslik sabablarini o‘rganish ham ularning vazifalariga kiradi.
Har yili 15-sentabrdan 15-oktabrga qadar oliy ta’lim muassasalarida «Talabalar xavfsizligi» oyligi o‘tkazilishi belgilangan. Ushbu davrda talabalarning darslarga qatnashishi, talabalar turar joylari va ijarada yashovchi talabalarning sharoitlari o‘rganiladi.
Shuningdek, ta’lim binolariga xavfli buyumlarni olib kirishning oldini olish, begona shaxslarning maqsadsiz kirishiga yo‘l qo‘ymaslik, talabalarning huquqiy savodxonligini oshirish va ijtimoiy yordamga muhtoj yoshlarni aniqlash bo‘yicha ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
