PISA natijalari: matematikada Xitoy, o‘qishda Singapur eng yuqori natija ko‘rsatdi

PISA natijalari: matematikada Xitoy, o‘qishda Singapur eng yuqori natija ko‘rsatdi

Sentyabrda e’lon qilingan PISA 2025 natijalariga ko‘ra, Xitoy va Singapur ta’lim sifatini baholash bo‘yicha so‘nggi xalqaro tadqiqotda yetakchi o‘rinlarni egalladi. Shu bilan birga, ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda o‘quvchilarning o‘qish savodxonligi va matematik ko‘nikmalari pasaygani kuzatilmoqda.

 

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) 2026-yil sentabr oyida “PISA 2025 natijalari. I jild: kelajakka tayyor o‘quvchilar” nomli hisobotni e’lon qildi.

 

Tadqiqotda 91 ta mamlakat va iqtisodiyotdan 15 yoshli 760 mingdan ortiq o‘quvchining bilim va ko‘nikmalari baholangan. Ularning tabiiy fanlar, o‘qish savodxonligi, matematika va hisoblashga oid masalalarni yechish bo‘yicha qobiliyatlari tekshirilgan.

 

Xitoyning Pekin, Shanxay, Szyansu va Chjeszyan hududlari tabiiy fanlar va matematika bo‘yicha eng yuqori natijalarni qayd etgan. Ushbu hududlar mazkur ikki yo‘nalishda mos ravishda 597 va 612 ball to‘plagan.

 

Keyingi o‘rinni Singapur egallagan: mamlakat tabiiy fanlardan 560, matematikadan esa 563 ball olgan. O‘qish savodxonligi bo‘yicha Singapur 535 ball bilan birinchi o‘rinni egallagan.

 

Hisoblashga oid masalalarni yechish bo‘yicha Singapur 563 ball to‘plagan. Bu ko‘rsatkich Makaoning 572 ballik natijasidan past. Xitoy hududlari esa ushbu yo‘nalishda 560 ball qayd etgan.

 

Yuqori natija ko‘rsatgan boshqa mamlakatlar qatoriga Yaponiya, Estoniya va Janubiy Koreya ham kirgan. Yaponiya tabiiy fanlardan 538, Estoniya 527, Janubiy Koreya esa 526 ball to‘pladi. Buyuk Britaniya, Kanada, Yangi Zelandiya, Avstraliya va Finlandiya ham tabiiy fanlar bo‘yicha yuqori natijalarni qayd etgan.

 

Infografikada keltirilgan ma’lumotlar Osiyo mamlakatlari va hududlarining ta’lim tizimlari dunyodagi eng kuchli tizimlar qatorida ekanini ko‘rsatadi. Biroq OECD o‘quvchilarning natijalarini alohida yo‘nalishlar bo‘yicha baholaydi va ta’lim tizimlarining raqobatbardoshligi bo‘yicha yagona umumiy reyting tuzmaydi.

 

Ayrim mamlakatlar yuqori natijalarga erishganiga qaramay, OECD ko‘plab rivojlangan davlatlarda o‘quvchilarning bilim darajasi pasayayotganidan ogohlantirgan.

 

2015–2025-yillar oralig‘ida tashkilotga a’zo mamlakatlarda o‘qish savodxonligi bo‘yicha o‘rtacha natija 28 ballga, matematika bo‘yicha esa 22 ballga pasaygan. Tabiiy fanlar bo‘yicha natijalar esa nisbatan kamroq kamaygan.

 

Hisobotga ko‘ra, OECD mamlakatlaridagi taxminan har beshinchi o‘quvchi tabiiy fanlar, o‘qish savodxonligi va matematika bo‘yicha minimal talab etiladigan bilim darajasiga erisha olmagan. 2022-yilda bunday o‘quvchilar ulushi 16 foizni tashkil etgan.

 

OECD vakillari natijalar asosiy o‘quv ko‘nikmalarini mustahkamlash, ta’lim sifatini oshirish va dars jarayonida raqamli qurilmalar hamda boshqa chalg‘ituvchi omillar ta’sirini kamaytirish zarurligini ko‘rsatishini ta’kidlagan.

 

Avvalroq, PISA-2025 tadqiqoti natijalariga asosan O‘zbekiston tabiiy fanlar bo‘yicha 91 ta davlat orasida 48-o‘rinni egallagani haqida xabar berilgandi.