Shimoliy Irlandiya maktablarida isitish xarajatlarini kamaytirish uchun o‘quvchilarga qalinroq kiyinish buyurildi

Shimoliy Irlandiya maktablarida isitish xarajatlarini kamaytirish uchun o‘quvchilarga qalinroq kiyinish buyurildi

Shimoliy Irlandiyadagi maktablarda xodimlar va o‘quvchilarga isitish xarajatlarini kamaytirish uchun sovuq bo‘lsa, “ko‘proq kiyim kiyish” tavsiya qilindi.

 

Shimoliy Irlandiya Ta’lim boshqarmasi (EA) maktablarga energiya xarajatlarining oshishi ularning gaz va elektr to‘lovlariga ta’sir qilishini bildirgan va imkon qadar isitish hamda yoritishdan foydalanishni kamaytirishni so‘ragan.

 

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, 2027-yil martiga qadar maktablarning gaz va elektr energiyasi uchun xarajatlari qariyb 8 million funt sterling (125 mlrd so‘m)ga oshishi kutilmoqda.

 

Biroq maktab direktorlari isitish xarajatlarini kamaytirish oson emasligini aytmoqda. Ulardan biri maktabining energiya xarajatlarini “juda katta” deb ta’riflagan.

 

Shimoliy Irlandiyada energiya narxlarining oshishi allaqachon xonadonlarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

 

AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi oqibatlari energiya narxlarining oshishiga sabab bo‘layotgan omillardan biri sifatida ko‘rsatilgan.

 

Ta’lim boshqarmasining maktab direktorlariga yuborgan maktubida “so‘nggi geosiyosiy voqealar 2026/27-moliya yilida energiya xarajatlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi kutilayotgani” qayd etilgan.

 

Maktablarning umumiy gaz xarajatlari 2027-yil martiga qadar 60 foizga oshib, 10,7 million funt sterlingdan 17 million funt sterling (266 mlrd so‘m)ga yetishi kutilmoqda.

 

Shu davrda maktablarning elektr energiyasi uchun jami xarajatlari esa 23,8 million funt sterlingdan 25,1 million funt sterling (391 mlrd 395 mln 250 ming so‘m)ga oshishi prognoz qilinmoqda.

 

Xarajatlarning kutilayotgan darajada oshishini hisobga olib, barcha maktablardan energiyadan foydalanishni qayta ko‘rib chiqish va imkon qadar iste’molni kamaytirish imkoniyatlarini aniqlashni so‘raymiz, — deyiladi Ta’lim boshqarmasi xatida.

 

Maktablarga tavsiya etilgan choralar qatorida isitish tizimini kuniga bir soatga kamroq ishlatish va tabiiy yorug‘likdan foydalanish uchun sinfxonalardagi chiroqlarni o‘chirish bor.

 

Shuningdek, xodimlar va o‘quvchilarga sovuq bo‘lsa, isitish termostatini yuqoriroq darajaga ko‘tarish o‘rniga “ko‘proq kiyim kiyish” tavsiya etilgan.

 

Energiya samaradorligini ta’minlashdagi qiyinchiliklar

 

Kreyggavondagi Tullygally boshlang‘ich maktabi direktori Kirsty Logan-Hall maktab “energiyadan mas’uliyatli foydalanishni targ‘ib qilishga sodiqligini va xodimlar hamda o‘quvchilarga bu boradagi yaxshi amaliyotlarni muntazam eslatib turishini” aytgan.

 

Biroq energiya sarfini sezilarli darajada kamaytirish imkoniyatimiz maktab binosining xususiyatlari bilan cheklangan. Maktab eski binoda joylashgan bo‘lib, bu energiya samaradorligi borasida muayyan muammolarni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, maxsus ta’lim xizmatlari bilan bog‘liq ehtiyojlar va maktab faoliyatining talablari sababli hududimiz ancha keng maydonga yoyilgan.

Bu esa o‘quv kuni davomida tegishli ta’lim sharoitlari, qulaylik va o‘quvchilar farovonligini ta’minlash uchun binoning bir nechta qismlarida isitish, yoritish va boshqa tizimlardan foydalanishni talab qiladi.

Ta’lim sifati, xodimlarning mehnat sharoitlari yoki o‘quvchilarning, jumladan, qo‘shimcha ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan energiya sarfini kamaytirish imkoniyatlari cheklanganini tan olish muhim, — dedi u.

 

Dunmurri shahridagi Holy Evangelists boshlang‘ich maktabi direktori Claire Robinson esa energiya xarajatlarini “juda katta” deb ta’rifladi.

 

Biz isitish tizimi bilan shunchaki o‘ynay olmaymiz, — dedi u.

 

Maktabning ayrim qismlari nisbatan yangi bo‘lib, ularda pol ostidan isitish tizimi o‘rnatilgan.

 

Sinfxonalarimizdagi harorat ma’lum darajadan pastga tushmasligi kerak. Shu sababli isitish tizimini yoqib turishimizga to‘g‘ri keladi. Maktabning ayrim qismlarida isitishni shunchaki o‘chirib qo‘ya olmaymiz, — dedi Robinson.

 

Uning aytishicha, maktab nisbatan yangi bo‘lishiga qaramay, isitish tizimini ishlatish xarajatlari sababli binoga D darajadagi energiya samaradorligi reytingi berilgan.

 

Rathcoole boshlang‘ich maktabi vakili Emma Quinn esa BBC’ning Good Morning Ulster dasturiga maktablarga yetarlicha texnik xizmat ko‘rsatilmayotgani ham muammoga ta’sir qilayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, o‘quvchilar tashqarida bo‘lganidan so‘ng issiq maktabga qaytish huquqiga ega.

 

Hozir bizga bunday bosim o‘tkazish kulgili. Biz ekologik maktabmiz, chiroqlarni o‘chirish kabi barcha choralarni ko‘ryapmiz. Shunga qaramay, bu muammo bizning zimmamizga yuklanmoqda. Birdaniga juda tizimli muammoni hal qilishimiz kutilmoqda. Bu mutlaqo to‘g‘ri emas, — degan u.

Avvalroq, Shimoliy Irlandiyadagi maktablarda o‘quv dasturi 20 yildan so‘ng yangilanayotgani hamda unda nimalar o‘zgarishi haqida ma’lumot bergan edik.