Shimoliy Irlandiyada maktablarda ta’lim tizimini yangilash bo‘yicha takliflar e’lon qilindi. Rejaga ko‘ra, bolalar kichik yoshdan boshlab raqamli texnologiyalarni o‘rganadi, shuningdek, turli madaniyatlar haqida ko‘proq bilim oladi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Shimoliy Irlandiyada maktablarda o‘qitiladigan fanlar va mavzularni yangilash bo‘yicha takliflar muhokamaga qo‘yildi. Unga ko‘ra, bolalar kichik yoshdan boshlab raqamli texnologiyalarni o‘rganadi.
Masalan, boshlang‘ich sinflarning ilk yillaridanoq o‘quvchilarga internetdagi shaxsiy identifikatsiya, maxfiylik va kiberxavfsizlik masalalari o‘rgatiladi.
Shimoliy Irlandiya ta’lim vaziri Paul Givan yangi o‘quv dasturi loyihasini taqdim etdi.
Uning ta’kidlashicha, o‘quv dasturi maktablarda o‘quvchilarga qanday bilimlar berilishi va ularning ta’lim jarayoni yoshiga qarab qanday rivojlanishini belgilab beradi.
Yangi dasturda fanlarga asoslangan bilimlarga alohida e’tibor qaratilgan. Ya’ni, bolalar asosan matematika, ingliz tili, tabiiy fanlar kabi aniq fanlar orqali bilim oladi. Bu yondashuv umumiy ko‘nikmalarga asoslangan ta’limdan biroz farq qiladi.
O‘qituvchilar avvalgidek darslarni tashkil etishda muhim rol o‘ynaydi, biroq yangi dastur ularning o‘quv mazmunini talqin qilishdagi erkinligini biroz cheklaydi.
Ta’lim departamenti amaldagi dastur juda umumiy va noaniq ekanini ta’kidlab, yangi dastur qat’iy ko‘rsatmalar to‘plami emasligini ham qayd etdi.
Maktablarda nimalar o‘zgaradi?
Hozirgi o‘quv dasturi 2007-yilda joriy etilgan bo‘lib, 4 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ta’limini qamrab oladi.
Unda til va savodxonlik, matematika, san’at hamda atrof-muhitni o‘rganish kabi yo‘nalishlar mavjud.
Yangi dastur esa aniq fanlarga asoslangan bo‘lib, keng qamrovli yo‘nalishlardan voz kechishni nazarda tutadi.
Ta’lim departamentining fikricha, amaldagi tizim ko‘pincha samarali ishlamaydi va o‘quvchilarning bilimlari bosqichma-bosqich rivojlanishini ta’minlashda qiyinchiliklar tug‘diradi.
Shu sababli yangi fan — raqamli texnologiyalar joriy etilmoqda. Bu fan bolalar maktabga qadam qo‘ygan ilk kunlardanoq o‘qitiladi.
Boshlang‘ich sinflarning yuqori bosqichlarida o‘quvchilarga ikkinchi chet tilini o‘rganish va turli xalqlar hamda madaniyatlar bilan tanishishga qaratilgan “madaniy xabardorlik” darslari ham taklif etiladi. Biroq ikkinchi chet tilini o‘rganish majburiy bo‘lmaydi va ixtiyoriy ravishda tanlanadi.
Imtihonlar ham o‘zgaradimi?
O‘quv dasturi va imtihon tizimi bir-biridan alohida bo‘lsa-da, malaka va baholash tizimida ham o‘zgarishlar rejalashtirilgan.
Masalan, AS-level imtihonlari bekor qilinib, ularning o‘rniga ikki yillik modulli A-level tizimi joriy etiladi. Unda o‘quvchilar 3 ta alohida modul yoki imtihon topshiradi.
Mazkur o‘zgarishlarni 2029-yil sentyabriga qadar to‘liq joriy etish rejalashtirilgan.
Nega o‘quv dasturi yangilanmoqda?
Ta’lim vaziri Paul Givanning ta’kidlashicha, amaldagi dastur 20 yildan ortiq vaqt davomida qo‘llanilib kelmoqda va unda jiddiy tizimli kamchiliklar mavjud.
Uning fikricha, hozirgi dasturda nimani, qachon va qanday o‘qitish kerakligi yetarlicha aniq belgilanmagan.
Yangi dastur esa mutaxassislar va tajribali o‘qituvchilar ishtirokida ishlab chiqilgan bo‘lib, ta’lim jarayonini izchil va tushunarli qilishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, diniy ta’limda ham o‘zgarishlar bo‘lishi nazarda tutilgan, lekin bu o‘zgarishlar keyinroq amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, maxsus maktablar hamda irland tilida ta’lim beruvchi maktablar uchun alohida o‘quv dasturlari ham ishlab chiqiladi.
Muhokama qachongacha davom etadi?
Yangi o‘quv dasturi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 2026-yil 30-sentyabrgacha davom etadi.
Muhokama yakunlangach, dastur qonuniy jihatdan tasdiqlanadi. Biroq u maktablarda 2028-yil sentyabridan boshlab joriy etilishi rejalashtirilgan.
