Qashqadaryoda 11-sinf o‘quvchisi Sardor Davronov SAT’dan 1210, IELTS’dan 7.0 ball hamda bir nechta milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. U Talimxabarlari.uz muxbiriga tayyorgarlik jarayoni, duch kelgan qiyinchiliklari va kelajakdagi rejalari haqida so‘zlab berdi.
Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 32-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Sardor Davronov sertifikatlar olib, muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
U SAT’dan 1210, IELTS’dan 7.0 ball, Multilevel imtihonidan B2 darajasi, matematika fanidan A+, tarixdan C+, o‘zbek tili va adabiyotidan C+ milliy sertifikatlarini olgan. Shuningdek, matematika bo‘yicha erishgan natijasi ham uning tayyorgarlik yo‘lidagi muhim bosqichlardan biri bo‘lgan.
Sardorning Talimxabarlari.uz muxbiriga aytishicha, u har bir fan bo‘yicha turlicha muddat tayyorlangan: matematika uchun bir yil, Multilevel uchun 8 oy, o‘zbek tili va adabiyoti uchun bir yarim oy, tarix uchun esa bir oy vaqt ajratgan.
“Yoshligimdan bularning barchasi shunchaki orzu edi. Multilevel uchun 8 oy, IELTS’ga 20 kun, SAT’ga bor yo‘g‘i 10 kun tayyorgarlik ko‘rganman. IELTS’ni dastlab qiziqish uchun topshirganman”, — deydi u.
Mustaqil tayyorgarlik va muntazam mehnat
O‘quvchi milliy sertifikat imtihonlariga oflayn tarzda, IELTS va SAT uchun esa mustaqil tayyorlangan. Uyda muntazam ravishda kuniga 8–9 soatlab shug‘ullangan.
Bundan tashqari, maktabdagi darslardan tashqari repetitor bilan ham ishlagan. Har bir fan bo‘yicha uy vazifalarini bajarish bilan cheklanmay, imkon qadar ko‘proq sinov testlari — mock imtihonlarini yechib, natijalarini tahlil qilib borgan.
Uning fikricha, SAT imtihonida yuqori natijaga erishish uchun vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va lug‘at boyligini oshirish muhim. Buning uchun muntazam ravishda mock imtihonlarini yechish va xatolar ustida ishlash kerak.
Eng katta sinov — matematika
Har qanday muvaffaqiyat yo‘li hamisha bir tekis kechmaydi. Sardor uchun eng qiyin jarayon matematika fanidan milliy sertifikat olish bo‘lgan. U birinchi urinishda kerakli natijaga erisha olmagan. Imtihon javoblari e’lon qilinganida esa qattiq tushkunlikka tushgan.
Sardorning so‘zlariga ko‘ra, bu muvaffaqiyatsizlik uni ortga qaytarmagan. Aksincha, avvalgidan ham ko‘proq shug‘ullanishga undagan. Keyingi urinishda A+ natijani qo‘lga kiritgan.
IELTS imtihonida ham ayrim qiyinchiliklar bo‘lgan. Ayniqsa, mustaqil tayyorlangani sababli Writing va Speaking bo‘limlarida qiynalgan. Bu muammoni bartaraf etish uchun ijtimoiy tarmoqlardagi namunaviy yozma va og‘zaki javoblarni topib, ularni batafsil tahlil qilgan.
Uning ta’kidlashicha, bu jarayonlarda ota-onasining qo‘llab-quvvatlashi katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Ular hech qachon muvaffaqiyatsizliklari uchun tanbeh o‘rniga doim ruhlantirib kelgan.
Tushkunlikka tushgan paytlarida esa do‘stlari bilan vaqt o‘tkazish, tabiat qo‘ynida sayr qilish va piknik uyushtirish orqali kayfiyatini ko‘tarishini aytadi.
Natijalarni kutish — eng hayajonli lahzalar
Imtihonlarga tayyorgarlikdan tashqari, natijalarni kutish ham Sardor uchun oson kechmagan. Uning aytishicha, ayrim imtihonlarda hayajon sababli yaxshi bilgan oddiy savollarda ham xatolarga yo‘l qo‘ygan.
IELTS hamda matematika fanidan A+ natijani ko‘rganimda juda xursand bo‘lgan. O‘sha vaqtda do‘stlari bilan birga bo‘lgan Sardor javoblarni ochishdan oldin hayajondan qaltiraganini eslaydi.
“Matematika javoblar chiqgan vaqti do‘stlarim bilan edim, javoblarni ochguncha qaltirab rosa qaltiradim. Natijani ochib, A+ yozuvini ko‘rganimda sakrab, baqirib yuborganman”, — deydi u.
Sardor O‘zbekistondagi universitetlarga kirish uchun 189 ball to‘plagan bo‘lsa-da, uning rejalari faqat mahalliy oliy ta’lim muassasalari bilan cheklanmaydi. Endi u xorijiy universitetlarda tahsil olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqchi.
Oldinda SAT’dan 1500+ va IELTS’dan 8.0+ natija olish maqsadi turibdi. Hozirda u SAT, rus tili va IT kurslarida ham tahsil olmoqda.
Sardorni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilaymiz!
Agar sizda ham shu kabi natijalar bo‘lsa @talimxabarlariga_bot orqali murojaat qilishingiz mumkin.
Avvalroq, Talimxabarlari.uz sayti muxbiri 5 ta milliy sertifikat bilan muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritgan samarqandlik o‘quvchi Alqarov Og‘abek suhbatlashgan edi.

