Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan talabalar uchun ajratilgan 1 452 ta davlat granti o‘rniga o‘tkazilgan saralash imtihonlari natijalari ertaga e’lon qilinadi.
Joriy oʻquv yili uchun xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari uchun 1 452 ta davlat granti tasdiqlangan.
28-oktyabr kuni mazkur Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan talabalar uchun ajratilgan maqsadli davlat grantlari bo‘yicha saralash imtihonlari tashkil etildi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi matbuot kotibi Talimxabarlari.uzga ushbu imtihon natijalari ertaga, 12-noyabr kuni e’lon qilinishini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, mazkur imtihonda 2 ming 900 nafardan ko‘proq talabgor ishtirok etgan. Imtihon topshirish tartib-qoidalarini buzgani sababli 2 nafar talabgor jarayondan chetlatilgan.
Аmaldagi tartibga muvofiq, saralash natijalarida belgilangan minimal o‘tish balidan kam bo‘lmagan ball to‘plagan talabgorlar natijalari ketma-ketligi asosida ajratilgan kvotalar doirasida davlat grantiga tavsiya etiladi.
