Ish beruvchilarning aksariyati oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining tayyorgarligini ijobiy baholagan. Shu bilan birga, soʻrovnomada amaliy koʻnikmalarni kuchaytirish va taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish zarurligi ham qayd etilgan.
Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan Bitiruvchilar tayyorgarligi mehnat bozori talablariga qay darajada mosligini oʻrganish uchun Umummilliy ish beruvchilar soʻrovnomasi oʻtkazildi.
Unda respublikaning 14 ta hududidan 3 775 nafar ish beruvchi ishtirok etib, 169 ta oliygoh va 591 ta texnikumning 3 775 nafar bitiruvchilarining tayyorgarligini baholadi.
Soʻrovnoma natijalariga koʻra, oliygoh bitiruvchilari tayyorgarligidan ish beruvchilarning 86,8 foizi, texnikum bitiruvchilari tayyorgarligidan esa 65,1 foizi qoniqish bildirgan.
Shuningdek, ish beruvchilarning bir qismi bitiruvchilarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish zarurligini taʼkidlagan. Bu koʻrsatkich oliygohlar boʻyicha 40,7 foizni, texnikumlar boʻyicha esa 53,7 foizni tashkil etgan.
Soʻrovnomada ish beruvchilarning 45,2 foizi tegishli oliygoh bilan doimiy hamkorligi yoʻqligini bildirgan. Ish beruvchilar fikricha, yaqin 3–5 yilda sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar, yangi texnologiya va uskunalarni tez oʻzlashtirish hamda kreativ fikrlash koʻnikmalariga talab ortadi.
Ishga qabul qilishda esa eng muhim kompetensiya sifatida masʼuliyat va intizom qayd etilgan. Bu koʻrsatkich oliygoh bitiruvchilari boʻyicha 55,6 foizni, texnikum bitiruvchilari boʻyicha esa 59 foizni tashkil qilgan.
Soʻrovnoma natijalari asosida taʼlim dasturlarini takomillashtirish, ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish, dual taʼlim va amaliy tayyorgarlikni rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan 73 ta akademik litseyda o‘quvchilar va pedagoglar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilgan edi. Unda 27 mingdan ortiq respondent qatnashib, dars sifati, o‘qituvchilar faoliyati va ta’lim sharoitlariga munosabatini bildirgan.
