Samarqandda o‘quvchilardan elektron doska uchun pul yig‘ib, o‘rniga televizor olingani aytilmoqda

Samarqandda o‘quvchilardan elektron doska uchun pul yig‘ib, o‘rniga televizor olingani aytilmoqda

Samarqandda elektron doska xarid qilish uchun ota-onalardan 100 ming so‘mdan yig‘ilgani haqida xabar tarqaldi. Ta’lim boshqarmasi ishchi guruh tuzilganini ma’lum qildi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘quvchilardan doska uchun pul yig‘ilgani haqida xabarlar tarqaldi. Xabarlarda Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanidagi 56-maktabning 2-sinf o‘quvchilaridan elektron doska sotib olish uchun pul yig‘ilgani, biroq ushbu mablag‘lar hisobidan televizor xarid qilingani aytilgan.

 

Samarqand viloyati ta’lim va ilm-fan boshqarmasi mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

 

Boshqarma pul yig‘ish holatini inkor etmagan. Aytilishicha, hozirda ushbu maktabda 4 ta elektron doska mavjud. Shuningdek, umumta’lim maktablarida har qanday maqsadda ota-onalardan pul mablag‘lari yig‘ish qat’iyan taqiqlangani eslatildi.

 

Holatga aniqlik kiritish maqsadida viloyat ta’lim va ilm-fan boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilgan. O‘rganish yakunlari bo‘yicha jamoatchilikka batafsil ma’lumot berilishi bildirilgan.

 

Avvalroq, Olmaliq shahrining ayrim maktablarida gazeta obunasi uchun pul yig‘ilgani haqida xabar qilgan edik.