26-oktyabrdan respublika bo‘ylab pedagog kadrlarning kuzgi attestatsiya sinovlari boshlandi. Vazirlik mas’ul xodimi Talimxabarlari.uz muxbiriga bergan intervyusida bu yilgi attestatsiya jarayonlari, ularni tashkil etish va test natijalariga e’tiroz bildirish tartibi haqida ma’lumot berdi.
Bugun Talimxabarlari.uz muxbiri kuzgi attestatsiya sinovlari bilan yaqindan tanishish maqsadida Toshkent shahridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markaziga bordi. Markazda vazirlik mas’ul xodimi Safarali Hamrayev bilan suhbatlashildi.
Safarali Hamrayevning ma’lum qilishicha, bu yilgi kuzgi attestatsiyada ishtirok etish uchun pedagoglardan 302 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Murojaatlar ishchi guruh tomonidan o‘rganilib, nizom talablariga mos kelgan qariyb 246 ming nafar pedagogga sinovlarda qatnashishga ruxsat berilgan.
Bu yil navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashish istagini bildirgan pedagoglar soni ko‘pligiga ham e’tibor qaratildi.
‘‘Bu yilgi ishtirokchilar sonini ko‘radigan bo‘lsak, 302 mingga yaqin o‘qituvchining atigi 5 foizi — 16 mingga yaqini navbatdagi majburiy attestatsiya bo‘yicha hujjat topshirgan. Qolganlari esa o‘z ixtiyori bilan navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etish istagini bildirgan’’, — dedi Safarali Hamrayev.
Attestatsiya sinovlari respublikaning barcha hududlarida bir vaqtning o‘zida onlayn rejimda o‘tkazilmoqda. Jarayonlar uchun 13 ta sinov markazida kompyuterlar tayyorlangan.
Sinovlar davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnik muammolarni tezkor bartaraf etish uchun respublika shtabi tashkil etilgan.
‘‘Respublika shtabi tashkil etilgan. Bu yerda har bir hududdagi holat o‘rganib boriladi. Texnik uzilishlar, internet tarmog‘idagi muammolar yoki savollarning dasturga yuklanishi bilan bog‘liq kamchiliklar yuzaga kelganda mutaxassislar tomonidan tezkorlik bilan hal etiladi’’, — deya ta’kidladi u.
Malaka toifasini oshirish pedagoglarning moddiy rag‘bat olish imkoniyatlari bilan ham bog‘liqligi, birinchi yoki oliy malaka toifasi uchun 86 va undan yuqori ball olgan pedagoglarga keyingi ikki yil davomida 70 foizlik ustama to‘lanishiga ham ham qayd etildi.
Shuningdek, yuqori natija ko‘rsatgan o‘qituvchilar vazir jamg‘armasi hisobidan to‘lanadigan ustamalar uchun nomzod sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin.
Safarali Hamrayev attestatsiya natijasi yoki test savollari yuzasidan e’tirozi bo‘lgan pedagoglar apellyatsiyani uch xil usulda yuborishi mumkinligiga ham to‘xtalib o‘tdi.
‘‘O‘qituvchilar uch xil usulda apellyatsiya berishi mumkin. Birinchi usul — test topshirish vaqtida platformadagi tegishli tugma orqali e’tiroz bildirish. Bunda pedagog savolda to‘g‘ri javob mavjud emasligi, savol noto‘g‘ri tuzilgani yoki bir nechta to‘g‘ri javob berilgani kabi sabablarni ko‘rsatishi mumkin. Ikkinchi usul — natijalar e’lon qilingach, shaxsiy kabinet orqali murojaat yuborish. Test yakunlangandan so‘ng pedagogning natijasi ekranda ko‘rsatiladi va shaxsiy kabinetiga yuboriladi. Unda qaysi savollarga to‘g‘ri, qaysilariga noto‘g‘ri javob berilgani aks etadi. Uchinchi usul — qog‘oz shaklida apellyatsiya yuborish’’, — deya tushuntirdi Hamrayev.
Hamrayevning qayd etishicha, bu yil pedagoglar noto‘g‘ri javob bergan savol qaysi mavzuga tegishli ekanini ham ko‘rishi mumkin.
Apellyatsiyalarni ko‘rib chiqish tartibiga ko‘ra, pedagoglar natijalar e’lon qilinganidan keyin 10 kun ichida murojaat yuborishi lozim.
‘‘Uchala usulda yuborilgan murojaatlarning barchasi bir xil vaqtda ko‘rib chiqiladi. Ular bir xil huquqiy asosga ega. Pedagoglar natijalar e’lon qilinganidan keyin 10 kun ichida apellyatsiya berishi mumkin. Murojaatlar murakkablik darajasidan kelib chiqib, barcha sinov jarayonlari yakunlanganidan so‘ng bir oy ichida ko‘rib chiqiladi’’, — deya qayd etdi u.
Eslatib o‘tamiz, kuzgi attestatsiya sinovlari 28-noyabrga qadar davom etadi. Attestastsiya imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan pedagoglar sinovtest.uz saytida testlarni ishlab, o‘z bilimlarini sinab ko‘rishlari mumkin.
