26-oktabrdan maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun kuzgi attestatsiya doirasidagi malaka sinovlari boshlanadi. Dastlab informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilari test topshiradi.
2026-yil avgust–dekabr oylarida o‘tkaziladigan malaka toifasi sinovlari jadvaliga ko‘ra, imtihonlar 26-oktabr kuni informatika va axborot texnologiyalari fani pedagoglari uchun tashkil etiladi.
Keyingi kunlarda esa boshqa fan va yo‘nalishlar bo‘yicha sinovlar quyidagi tartibda o‘tkaziladi:
- 27–29-oktabr — ona tili va adabiyot (o‘zbek sinflari uchun), o‘zbek tili (davlat tili);
- 30–31-oktabr — umumta’lim maktablarida jismoniy tarbiya va musiqa madaniyati;
- 2–7-noyabr — boshlang‘ich ta’lim;
- 9–10-noyabr — matematika;
- 11-noyabr — fizika;
- 12–13-noyabr — tarix, davlat va huquq asoslari, tarbiya;
- 14-noyabr — texnologiya;
- 16–17-noyabr — rus tili, rus tili va adabiyoti hamda qardosh tillar va adabiyotlar;
- 18–20-noyabr — umumta’lim maktablarida ingliz, fransuz, nemis va boshqa xorijiy tillar;
- 21-noyabr — tasviriy san’at va chizmachilik, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik, geografiya, iqtisodiy bilim asoslari;
- 23–24-noyabr — biologiya va kimyo;
- 25-noyabr — psixolog, defektolog va logoped pedagoglar hamda tegishli ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun belgilangan sinovlar;
- 26–27-noyabr — maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ayrim pedagog va mutaxassislari;
- 27–28-noyabr — qoraqalpoq tili va adabiyoti.
O‘zbek tili va adabiyoti fanidan Toshkent shahri va Toshkent viloyati pedagoglari uchun test sinovlari alohida ravishda 28-noyabr kuni o‘tkazilishi belgilangan.
Sinov kunlari zarur hollarda o‘zgartirilishi mumkin. Bunday vaziyatlarda pedagoglar qo‘shimcha ravishda xabardor qilinadi.
Attestatsiya qayerda o‘tkaziladi?
Avvalroq pedagoglari uchun malaka (test) sinovlari oʻtkaziladigan joy manzillari maʼlum qilingan edi. Ushbu manzillar roʻyxati bilan quyida tanishishingiz mumkin.
| Hudud nomi | Manzil |
|---|---|
| Qoraqalpog‘iston Respublikasi | Pedagogik mahorat markazi (Nukus shahri, Ye. Alako‘z ko‘chasi, 54-uy) |
| Andijon viloyati | Pedagogik mahorat markazi (Andijon shahri, Istiqlol ko‘chasi, 8-uy) |
| Buxoro viloyati | Buxoro shahridagi 44-sonli maktab (Buxoro shahri, Bog‘ishamol ko‘chasi, 5-uy) |
| Farg‘ona viloyati | Farg‘ona shahridagi 28-maktab (Farg‘ona shahri, Istiqlol MFY, A. Qodiriy ko‘chasi, 13A-uy) |
| Navoiy viloyati | Navoiy shahri “Kelajak markazi” (Navoiy shahri, Aloqa ko‘chasi, 6-uy) |
| Xorazm viloyati | Urganch shahridagi 17-sonli maktab (Urganch shahri, 4-Yuqori bog‘ mahallasi, Maxtumquli ko‘chasi, 229-A-uy) |
| Toshkent viloyati | Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi (Toshkent shahri, Beruniy ko‘chasi, 83-A-uy) |
| Namangan viloyati | Namangan shahridagi 15-sonli maktab (Namangan shahri, G‘ishtko‘prik MFY, Uychi ko‘chasi, 329-A-uy) |
| Sirdaryo viloyati | Pedagogik mahorat markazi (Guliston shahri, Ma’naviyat MFY, Ezgulik ko‘chasi, 5A-uy) |
| Samarqand viloyati | Pedagogik mahorat markazi (Samarqand shahri, Hasan Obiddinov ko‘chasi, 7-uy) |
| Qashqadaryo viloyati | Pedagogik mahorat markazi (Qarshi shahri, Olimlar ko‘chasi, 2-uy) |
| Surxondaryo viloyati | Termiz shahridagi 14-sonli maktab (Termiz shahri, A. Jomiy MFY, So‘fi Olloyor ko‘chasi, 4/54-uy) |
| Jizzax viloyati | Jizzax shahridagi 31-maktab (Jizzax shahri, Ravalliq MFY, Hamid Olimjon ko‘chasi, 147-uy) |
| Toshkent shahri | Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi (Toshkent shahri, Beruniy ko‘chasi, 83-A-uy) |
Pedagoglar o‘zlari uchun belgilangan imtihon sanasi va manzilini oldindan tekshirib olishlari lozim.
Pedagoglarga test topshirish uchun qancha vaqt beriladi?
Attestatsiya sinovlari ikki bosqichdan iborat bo‘lib, pedagoglar jami 100 ball to‘plashlari mumkin.
Tasdiqlangan spetsifikatsiyaga ko‘ra, odatda birinchi bosqichda mutaxassislik fani va kasbiy standartlar bo‘yicha 40 ta, ikkinchi bosqichda esa pedagogik mahoratni baholash uchun 10 ta test topshirig‘i beriladi. Jismoniy tarbiya va musiqa madaniyati o‘qituvchilari uchun tartibda ayrim farqlar mavjud. Har bir to‘g‘ri javob 2 ball bilan baholanadi.
Test topshiriqlarini bajarish uchun ajratilgan vaqt fan va yo‘nalishga qarab farqlanadi:
- 120 daqiqa — boshlang‘ich ta’lim, biologiya, kimyo, fizika, matematika, informatika va axborot texnologiyalari;
- 105 daqiqa — ona tili va adabiyot, davlat tili, rus tili va adabiyoti hamda tegishli tillar va adabiyotlar;
- 105 daqiqa — ingliz, nemis, fransuz va boshqa ko‘rsatilgan xorijiy tillar;
- 90 daqiqa — tarix, tarbiya, davlat va huquq asoslari, geografiya, iqtisodiy bilim asoslari, texnologiya va boshqa tegishli yo‘nalishlar.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tegishli pedagoglari uchun ham 90 daqiqalik vaqt me’yori belgilangan. Madaniyat vazirligi tasarrufidagi ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun ikkinchi bosqichdagi pedagogik mahorat sinoviga 20 daqiqa ajratiladi.
Pedagoglar nimalarga e’tibor berishi kerak?
Attestatsiya sinovlariga borayotgan pedagoglardan fuqarolik pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasini olib kelish so‘ralgan.
Shuningdek, o‘qituvchilar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha tasdiqlangan topshiriqlar spetsifikatsiyasi bilan tanishib chiqishlari, test topshiriqlarining mazmuni va baholash tartibini oldindan o‘rganishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, pedagoglar uchun spetsifikatsiya asosida tuzilgan namunaviy testlar Sinovtest.uz platformasida joylashtirilgan. Ushbu testlar orqali attestatsiyaga tayyorgarlik ko‘rish mumkin.
