“Qonun qabul qilinsa, barcha muammolar hal bo‘lib qolmaydi” — Sherzod Shermatov bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni cheklash haqida

“Qonun qabul qilinsa, barcha muammolar hal bo‘lib qolmaydi” — Sherzod Shermatov bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni cheklash haqida

Sherzod Shermatov O‘zbekistonda 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash masalasiga munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bolalarning ekran qarshisida o‘tkazadigan vaqtini qisqartirish bilan birga, ularning jismoniy faolligi va sog‘lom ovqatlanishiga ham e’tibor qaratish zarur.

 

“Bolalar farovonligiga sarmoya” butunjahon sammiti doirasida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Gazeta.uz muxbiri bilan suhbatda O‘zbekistonda ham 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini qonunan cheklash masalasiga munosabat bildirdi. Vazirning takidlashicha, bolalarning ekran qarshisida o‘tkazayotgan vaqtini qisqartirish kerak. Yangi texnologiyalar bolalarga ta’lim olish va boshqa yo‘nalishlarda imkoniyatlar yaratsa-da, ulardan foydalanish bilan bog‘liq xavflar ham mavjud.

 

“O‘zbekistonda bolalar va onalar o‘limi bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar kamayib, bu borada ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Shu bilan birga, voyaga yetmaganlarning telefon va boshqa gadjetlardan ko‘p foydalanishi, nosog‘lom ovqatlanishi hamda kamharakatligiga e’tibor qaratishimiz kerak. Bolalarning ekran qarshisida o‘tkazadigan vaqtini qisqartirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va jismoniy faolligini oshirish muhim”, — deydi vazir.

 

U nafaqat bolalarning ekran qarshisidagi vaqtini qisqartirish, shuningdek, ularning ko‘proq harakat qilishi va sog‘lom ovqatlanishiga ham e’tibor qaratish kerakligini aytgan.

 

“Men buni raqamli texnologiyalar vaziri sifatida emas, to‘rt nafar farzandning otasi va ta’lim sohasida ishlagan mutaxassis sifatida ham aytyapman. Bolalarimiz ko‘proq harakat qilishi, sog‘lom ovqatlanishi va ekrandagi o‘yinlardan ko‘ra hayotdagi do‘stlari bilan birga o‘ynashiga sharoit yaratishimiz kerak”, — deydi Sherzod Shermatov.

 

Sherzor Shermatov bolalarning internetdan foydalanishini maktabda cheklash mumkinligi, ammo oiladaga muhit boshqa masala ekanini aytgan.

 

“Oilada bolalar bilan qancha vaqt gaplashamiz? Uyga borganimizda ular bilan suhbatlashamizmi yoki hamma telefon yoki televizor bilan band bo‘ladimi? Bolalarning internetdan foydalanishini maktabda cheklash mumkin, lekin oiladagi muhit masalasi ham bor”, — deydi vazir.

 

Uning aytishicha, bunday qonunni qabul qilgan davlatlarda ham masala hali to‘liq yechilmagan.

 

“Qonun qabul qilinsa, ertasigayoq barcha muammolar hal bo‘lib qolmaydi. Hatto bunday cheklovlarni joriy etgan davlatlarda ham masala to‘liq yechilgani yo‘q. Ekspertlar birgalikda ishlab, keng qamrovli dastur tayyorlashi kerak. Sammitdagi muhokamalar va mutaxassislar tavsiyalari asosida yo‘l xaritasi ishlab chiqilib, tegishli vazirlik va idoralar o‘z ishini takomillashtirishi lozim”, — deydi Sherzod Shermatov.

 

“Ba’zi ota-onalar bolasiga e’tibor qaratish o‘rniga, u yig‘lamasligi uchun qo‘liga telefon berib qo‘yadi. Hatto oilaviy dasturxon atrofida ham bir-biri bilan suhbatlashish o‘rniga telefonga qarab ovqatlanishadi. Bu — butun jamiyat birgalikda ishlashi kerak bo‘lgan masala”, — deydi vazir.

 

Ma’lumot uchun hozirga qadar dunyoning ko‘plab mamlakatlari bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni chekladi. Jumaladan, bugungacha  Talimxabarlari.uz da Avstraliya, Daniya, Malayziya, Qozog‘iston, Rossiya, Ozarbayjon, Kanada, Yangi Zelandiya, Germaniya kabi mamlakatlar bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni cheklagani yoki cheklashni rejalashtirayotgani haqida xabarlar e’lon  qilingan.

 

Shuningdek, sobiq Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova ham bu mavzuda gapirgan edi. O‘shanda vazir O‘zbekistonda ham bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni cheklash bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish ko‘zda tutilganini aytgan.

 

Uning ta’kidlashicha, mazkur masala yuzasidan parlament deputatlari va senatorlar bilan o‘zaro muhokamalar o‘tkazilgan hamda qonun loyihasi ishlab chiqib, uni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish rejalashtirilgan. Ammo hozircha bu mavzuda qonun loyihasi ishlab chiqilmagan, jamoatchilik muhokamasiga ham qo‘yilmagan.