Yangi Zelandiya Bosh vaziri Kristofer Lakson boshchiligidagi hukumat partiyasi 16 yoshgacha boʻlgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini parlamentga kiritdi. Unga koʻra, platformalar foydalanuvchilarning yoshini tekshirishi va talablarni bajarmagan taqdirda global daromadining 10 foizigacha miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.
The Guardian nashriga koʻra, Yangi Zelandiyada 16 yoshgacha boʻlgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash boʻyicha qonun loyihasi parlamentga kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Mamlakat Bosh vaziri Kristofer Laksonning partiyasi tomonidan ilgari surilayotgan tashabbusga koʻra, ijtimoiy tarmoq platformalari foydalanuvchilarning yoshini tekshirish uchun tegishli choralarni koʻrishi kerak boʻladi.
Buning uchun platformalar mavjud akkaunt maʼlumotlari, yuz orqali yoshni aniqlash texnologiyalari hamda raqamli identifikatsiya hujjatlaridan foydalanishi mumkin.
Qonun loyihasi talablarini bajarmagan ijtimoiy tarmoq platformalariga ularning global daromadining 10 foizigacha miqdorda jarima solish taklif qilinmoqda.
Bosh vazir Kristofer Lakson ushbu tashabbusni yoshlarni ijtimoiy tarmoqlarning salbiy taʼsiridan himoya qilish zarurati bilan izohlagan.
“Ijtimoiy tarmoqlarning bolalarimizga yetkazayotgan zarariga shunchaki ko‘z yumib bo‘lmaydi”, — dedi Lakson.
Uning fikricha, ijtimoiy tarmoqlarda zararli kontent, qaramlikni kuchaytiruvchi texnologiyalar va bolalar hali toʻliq tayyor boʻlmagan turli bosimlar mavjud. Bular esa ularning oilaviy hayoti, ruhiy salomatligi, uyqusi va taʼlimiga taʼsir koʻrsatmoqda.
Biroq qonun loyihasining parlamentda yetarlicha qoʻllab-quvvatlanishi hozircha aniq emas. Hukumat koalitsiyasidagi Yangi Zelandiya Birinchi partiyasi ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatlamasligini bildirgan.
Partiya rahbari Uinston Piters qonunchilik orqali bolalarni ijtimoiy tarmoqlardan cheklash mamlakat uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini aytgan. Uning fikricha, bolalarni ijtimoiy tarmoqlardan uzoq tutish, avvalo, ota-onalarning vazifasi boʻlishi kerak.
Eslatib oʻtamiz, 2025-yil dekabr oyida Avstraliya 16 yoshgacha boʻlgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlagan dunyodagi birinchi davlat boʻlgan. Ushbu cheklov TikTok, YouTube, Instagram va Facebook kabi platformalarni ham qamrab olgan.
Piters Avstraliyadagi tajribani ham tanqid qilib, u yerda joriy etilgan tartibni “katta muvaffaqiyatsizlik” deb baholagan.
Shu bilan birga, Lakson qonun loyihasi mukammal ishlashini kafolatlamasligini tan olgan. Uning aytishicha, barcha bolalarni ijtimoiy tarmoqlardan butunlay cheklashning iloji boʻlmasligi mumkin, biroq masalaning muhimligi sababli bunday chorani sinab koʻrish kerak.
