Ozarbayjonda ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tish uchun minimal yoshni 16 etib belgilash taklifi ilgari surildi. Tegishli qonun loyihasi mamlakat parlamenti Milli Majlisda muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, tashabbus parlamentning Inson huquqlari qo‘mitasi raisi Zahid O‘ruj tomonidan qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish muhokamasi chog‘ida ilgari surilgan.
Uning ta’kidlashicha, asosiy maqsad 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni ijtimoiy tarmoqlardagi zararli kontentlardan, jumladan, o‘z joniga qasd qilishga undovchi materiallar, jinsiy ekspluatatsiya va kiberbulling holatlaridan himoya qilishdan iborat.
Taklifga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishga faqat 16 yoshdan boshlab ruxsat beriladi. 16–18 yoshdagi foydalanuvchilar uchun esa ota-onaning roziligi talab qilinishi mumkin.
Shuningdek, qonun loyihasida o‘smirlarni platformada uzoq vaqt ushlab turishga xizmat qiluvchi cheksiz lentani aylantirish (infinite scroll) va videolarning avtomatik ijro etilishi (autoplay) kabi funksiyalarni cheklash ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoq platformalari foydalanuvchilarning yoshini bank kartasi, elektron pochta yoki telefon raqami orqali tasdiqlashi talab etiladi.
Yoshni tekshirish uchun yig‘ilgan shaxsiy ma’lumotlardan tijorat maqsadlarida foydalanish yoki ularni uchinchi shaxslarga taqdim etish taqiqlanadi. Ushbu talablarni buzganlarga jarima qo‘llash taklif etilmoqda.
Avvalroq, Qozog‘istonda ham 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga cheklov joriy etilishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
