Kecha Gretsiya hukumati 15 yoshga to‘lmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlovchi qonunni imzoladi. Qonun 2027-yil 1-yanvardan kuchga kirishi belgilangan.
Joriy yil 23-oktyabr kuni Gretsiyada 15 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlovchi qonun qabul qilindi. Qonunga ko‘ra, onlayn ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun eng kam yosh chegarasi 15 yosh etib belgilandi. Yangi tartib 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Qonunga muvofiq, foydalanuvchilarning yoshini tekshirish mas’uliyati ijtimoiy tarmoq platformalari zimmasiga yuklanadi.
Nima sodir bo‘ldi?
2026-yil 8-aprel kuni Gretsiya bosh vaziri Kyriakos Mitsotakis 2027-yil 1-yanvardan boshlab 15 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi taqiqlanishini ma’lum qilgan edi. U yoshlarga yo‘llagan videomurojaatida xavotir, uyqu bilan bog‘liq muammolar va onlayn platformalarning o‘ziga qaramlikni keltirib chiqaruvchi xususiyatlarini taqiq joriy etilishining asosiy sabablari sifatida ko‘rsatgan.
Hukumat qonun loyihasini parlamentga avgust oyida kiritishni rejalashtirgan edi. Raqamli boshqaruv va sun’iy intellekt vaziri Dimitris Papastergiouning aytishicha, hujjatni parlamentga kiritish ikki oyga kechiktirilgan. Bunga Yevropa Ittifoqi bolalarning internetdagi xavfsizligiga oid o‘z qoidalarini ishlab chiqayotgani sabab bo‘lgan.
2026-yil 9-oktyabr kuni kechqurun davlat vaziri Akis Skertsos qonun loyihasini parlamentga kiritgan. Hujjat “Voyaga yetmaganlarning onlayn ijtimoiy tarmoq xizmatlaridan foydalanishini taqiqlash” deb nomlangan.
Parlament qo‘mitalari qonun loyihasini 19-oktyabr kuni ma’qullagan. 23-oktyabr kuni esa 16 soatdan ortiq davom etgan yalpi majlisdagi muhokamadan so‘ng hujjat «Yangi demokratiya» partiyasi deputatlarining ovozlari bilan qabul qilingan.
Qonunda nimalar belgilangan?
Qonunda quyidagi asosiy qoidalar nazarda tutilgan.
Yosh chegarasi. 15 yoshga to‘lmagan shaxslarga onlayn ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanadi. Hujjatda bu chora bolalarning jismoniy va ruhiy salomatligini himoya qilishga qaratilgani ta’kidlangan.
Yoshni tekshirish. Foydalanuvchilarning yoshini tekshirish uchun davlatning Gov.gr Wallet va Kids Wallet ilovalaridan foydalanish taklif etilgan. Platformalar Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga mos keladigan boshqa tekshirish usullaridan ham foydalanishi mumkin.
Nazorat. Qonunning bajarilishini Milliy radio va televideniye kengashi hamda Gretsiyaning Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish idorasi nazorat qiladi.
Qaysi platformalarga taalluqli?
Hukumat aprel oyida qonun foydalanuvchilar profil yaratishi, o‘zaro muloqot qilishi va kontent almashishi mumkin bo‘lgan platformalarni qamrab olishini bildirgan. Ya’ni Facebook, Instagram, TikTok va LinkedIn kabi boshqa ijtimoiy tarmoqlarga taalluqli bo‘ladi.
Shu bilan birga, 15 yoshga to‘lmagan bolalar messenjerlardan foydalanishda davom etishi mumkin.
Qoidabuzarlik uchun javobgarlik. Aprel oyida e’lon qilingan dastlabki rejalarda kompaniyalarga global aylanmasining 6 foizigacha jarima solish, talablar bajarilmaguncha har kuni jarima undirish yoki ularning faoliyatini cheklash imkoniyatlari ko‘zda tutilgan bo‘lgan.
Biroq qabul qilingan qonunning o‘zida alohida mahalliy jarimalar belgilanmagan. Talablarni buzgan platformalarga nisbatan Yevropa Ittifoqining Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonuni (Digital Services Act) doirasida choralar ko‘rilishi mumkin. Bolalar yoki ularning ota-onalariga nisbatan esa yangi jarimalar joriy etilmaydi.
Qonun kuchga kirishidan oldin ochilgan akkauntlar ham taqiqdan mustasno bo‘lmaydi. Ota-onalar farzandlariga qonun doirasidagi platformalardan foydalanishga ruxsat bera olmaydi.
Avvalroq, Germaniya 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni cheklamoqchi ekanligi, ular uchun maxsus platforma ishga tushirilishi haqida xabar berilgandi.
