Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis ma’lum qilishicha, 2027-yil 1-yanvardan boshlab 15 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi taqiqlanadi.
Reuters agentligi xabariga ko‘ra, ushbu chora bolalar va o‘smirlar orasida xavotir (anksiozlik), uyqu bilan bog‘liq muammolar hamda boshqa ruhiy salomatlikka oid muammolarni kamaytirishga qaratilgan.
Bosh vazirning ta’kidlashicha, bolalarning gadjetlar ekranlari qarshisida uzoq vaqt o‘tkazishi ularning miyasiga dam olish imkonini bermaydi. Shuningdek, internet makonida o‘smirlar ko‘pincha haqoratli izohlar va salbiy munosabatlarga duch keladi. Bu esa o‘z navbatida o‘ziga bo‘lgan ishonchning pasayishi va boshqa psixologik muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Sotsiologik so‘rovlar natijalariga ko‘ra, aholining qariyb 80 foizi ushbu taqiqni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Yoshlarning gadjetlarga qaramligini kamaytirish maqsadida Gretsiya hukumati avvalroq maktablarda mobil telefonlardan foydalanishni ham taqiqlagan. Bundan tashqari, ota-onalar uchun bolalarning ekran qarshisida o‘tkazadigan vaqtini nazorat qilish imkonini beruvchi maxsus platformalar ham ishga tushirilgan.
Avvalroq, Malayziyada 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish cheklanishi rasman taqiqlangani haqida xabar berilgandi.
