Malayziyada 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish rasman taqiqlandi

Malayziyada 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish rasman taqiqlandi

Malayziyada bolalarni internetdagi xavflardan himoya qilish maqsadida yangi qoidalar kuchga kirdi. Endi Facebook, Instagram, TikTok va YouTube kabi litsenziyalangan ijtimoiy tarmoq platformalari foydalanuvchilarning yoshini majburiy ravishda tekshirishi kerak bo‘ladi.

 

Malayziya hukumati 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy akkaunt ochishini taqiqlovchi yangi qoidalarni amaliyotga joriy etdi. Shu tariqa mamlakat voyaga yetmaganlarni ijtimoiy tarmoqlarning salbiy ta’siridan himoya qilish va internetdagi xavfsizligini oshirishga qaratilgan choralarni kuchaytirayotgan davlatlar qatoriga qo‘shildi.

 

Malayziya Aloqa va multimedia komissiyasi (MCMC) 2026-yil 1-iyundan boshlab 2025-yildagi Onlayn xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun (ONSA) doirasida Bolalarni himoya qilish kodeksi (CPC) va Xavflarni kamaytirish kodeksi (RMC) kuchga kirganini ma’lum qildi.

 

Yangi talablarga ko‘ra, 2026-yil 1-iyundan boshlab Facebook, Instagram, TikTok va YouTube kabi yirik ijtimoiy tarmoq platformalari foydalanuvchilarning yoshini tekshiruvchi tizimlarni joriy etishi hamda 16 yoshga to‘lmaganlarga akkaunt yaratishga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Mazkur qoidalar kamida 8 million foydalanuvchiga ega platformalarga tatbiq etiladi.

 

Talablarni bajarmagan kompaniyalarga 10 million ringgitgacha (taxminan 2,5 million AQSH dollari) miqdorida jarima solinishi mumkin. Shu bilan birga, agar bolalar o‘rnatilgan cheklovlarni aylanib o‘ta olsa, buning uchun ota-onalar javobgarlikka tortilmaydi.

 

Mavjud foydalanuvchilar 6 oy davomida tekshiriladi

 

Avvaldan ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar uchun yoshni tasdiqlash jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va bu jarayon 6 oygacha davom etishi mumkin.

 

Agar foydalanuvchi 16 yoshga to‘lmagani aniqlansa, unga platformadagi fotosuratlar, videolar va boshqa ma’lumotlarini yuklab olish yoki boshqa joyga ko‘chirish uchun bir oy muddat beriladi. Shundan keyin akkauntga nisbatan cheklovlar yoki boshqa choralar qo‘llanilishi mumkin.

 

MCMC barcha litsenziyalangan platformalarni yangi talablarni belgilangan muddatlarda to‘liq bajarishga chaqirdi. Qoidalarga rioya qilmagan kompaniyalarga nisbatan qonunchilik asosida tegishli choralar ko‘rilishi ta’kidlandi.

 

Malayziya rasmiylariga ko‘ra, yangi tartib voyaga yetmaganlarni zararli kontent, kiberbulling va ijtimoiy tarmoqlardan haddan tashqari foydalanishga undovchi algoritmlar ta’siridan himoya qilish maqsadida joriy etilgan.

 

Rasmiylar ushbu chora bolalarning internet yoki raqamli texnologiyalardan foydalanishini taqiqlashga qaratilmaganini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, islohotning asosiy maqsadi — texnologik kompaniyalarni yoshlar uchun xavfsizroq raqamli muhit yaratishga majbur qilishdan iborat.

 

Biroq tashabbus mutaxassislar orasida turli munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ayrim ijtimoiy tarmoq vakillarining fikricha, qat’iy taqiq kutilgan natijani bermasligi va o‘smirlarni nazorati sustroq bo‘lgan internet platformalariga yo‘naltirib yuborishi mumkin.

 

Boshqa tomondan esa foydalanuvchilarning yoshini tekshirish jarayonida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar talab qilinishi ehtimoli sababli shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligi masalasidan ham xavotir bildirmoqda.

 

Avvalroq, Turkiya Parlamenti 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarni ijtimoiy tarmoqlardan cheklaydigan qonun loyihasini ishlab chiqqani haqida xabar berilgandi. Qonun loyihasi Turkiya prezidenti tomonidan tasdiqlangandan so‘ng kuchga kiradi.