Davlat rahbari boshchiligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda kelasi yil maktab va texnikumlarda nemis tilidan dars berish uchun 500 nafar til egasi jalb qilinishi ma’lum qilindi.
Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazmoqda.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, Germaniyadan joriy yilning o‘zida 45 ming mutaxassisga buyurtma kelib tushgan, ammo atigi 2 ming kishi ishga joylashgan. Asosiy sabab – nemis tilini biladigan kadrlar yetishmasligi. Shu bois, kasbga o‘qitish bilan til tayyorgarligini birga olib borish zarur.
Germaniyaning “Globogate” kompaniyasi bilan hamkorlikda respublikadagi 20 ta tibbiyot texnikumida yiliga 1,5 ming hamshira tayyorlanmoqda. Qarshidagi Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumida germaniyalik o‘qituvchilar yoshlarga nemis tili va kasb o‘rgatmoqda.
Shu bilan birga, Prezident xorijlik ish beruvchilarning buyurtmalarini texnikumlardagi ta’lim bilan bog‘lash, yoshlarni ishga joylashish uchun zarur til va amaliy ko‘nikmalarga maqsadli tayyorlash muhimligini ta’kidladi.
Andijonda tadbirkor bo‘sh turgan texnikumni ta’mirlab, Germaniyadan o‘qituvchi jalb qilgan holda yiliga 1,5 ming mutaxassis tayyorlayapti. Prezidentimiz bunday tajribani boshqa hududlarda ham kengaytirish, har bir viloyatdagi 2-3 ta texnikumda kasb bilan birga nemis tilini o‘rgatish zarurligini qayd etildi.
Qayd etilishicha, Germaniyaning “Telk” kompaniyasi “Intil” xalqaro o‘quv markazida 100 nafar nemis tili o‘qituvchisini tayyorlashni boshladi. Kelasi yil boshidan ularni hududlardagi texnikumlarga jalb qilish vazifasi qo‘yildi.
Viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlariga “Intil” xalqaro o‘quv markazi tajribasini o‘rganib, kelasi yili har bir hududda yagona migratsiya markazini ochish topshirildi. Bu maqsadda har bir viloyatga 8 milliard so‘mdan ajratiladi. Kelasi yil 10 ming kishini kasb va nemis tiliga o‘rgatib, Germaniyada ishga joylashtirish belgilandi.
Yoshlarga ingliz tilini qanday o‘rgatayotgan bo‘lsak, nemis tili bo‘yicha ham shunday yondashuv kerak, – dedi Prezident.
Shu maqsadda kelasi yil maktab va texnikumlarda nemis tilidan dars berish uchun 500 nafar til egasi jalb qilinadi. Oliy ta’lim muassasalarida nemis tili o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasini kelasi o‘quv yilidan ikki karra oshirish topshirildi.
Germaniya, Yaponiya va Koreyaning yirik kompaniyalari o‘zlariga zarur mutaxassislarni O‘zbekiston texnikumlarida tayyorlashga qiziqish bildirmoqda. Ular o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, ta’lim muassasalarini jihozlashga sarmoya kiritishga ham tayyor.
Davlat rahbari bir oyda 20 ta texnikumni tanlab, kelgusi yildan ularni xorijlik ish beruvchilar talabi asosida kadr tayyorlashga moslashtirishni topshirdi.

