Dunyodagi talabalar uchun eng yaxshi shaharlar reytingi e’lon qilindi: Toshkent ham ro‘yxatdan joy oldi

 Dunyodagi talabalar uchun eng yaxshi shaharlar reytingi e’lon qilindi: Toshkent ham ro‘yxatdan joy oldi

QS xalqaro reyting agentligi 2027-yil uchun talabalar yashashi va tahsil olishi eng qulay bo‘lgan shaharlar reytingini e’lon qildi. Toshkent shahri esa ilk bor reytingga kiritildi.

 

Buyuk Britaniyada joylashgan “QS Quacquarelli Symonds” xalqaro tahlil agentligi dunyoning talabalar uchun eng yaxshi shaharlarini aniqladi. 2027-yilgi reytingda jami 150 ta shahar baholangan.

 

Reytingda Seul 100 ball bilan birinchi o‘rinni egallagan. Yaponiya poytaxti Tokio 98 ball bilan ikkinchi, Buyuk Britaniya poytaxti London esa 97,3 ball bilan uchinchi bo‘lgan.

 

Avstraliyaning Melburn shahri 94,8 ball bilan to‘rtinchi o‘rinni egallagan. Germaniyaning Myunxen va Avstraliyaning Sidney shaharlari esa 94,1 balldan to‘plab, beshinchi o‘rinni bo‘lishgan.

 

Reytingning kuchli o‘ntaligiga kirgan shaharlar:

  • Seul — Janubiy Koreya;
  • Tokio — Yaponiya;
  • London — Buyuk Britaniya;
  • Melburn — Avstraliya;
  • Myunxen — Germaniya;
  • Sidney — Avstraliya;
  • Parij — Fransiya;
  • Berlin — Germaniya;
  • Vena — Avstriya;
  • Syurix — Shveysariya.

 

Toshkent ham reytingga kiritildi

 

2027-yilgi reytingning O‘zbekiston uchun e’tiborga molik jihati — Toshkent shahrining ilk bor ro‘yxatdan joy olganidir. Poytaxtimiz 146-o‘rinni egallagan.

 

QS ma’lumotlariga ko‘ra, reytingga yangi kiritilgan shaharlar qatorida Xitoyning Xanchjou, Tayvanning Kaosyun va Kiprning Nikosiya shaharlari ham bor.

 

Shaharlar qanday mezonlar asosida baholangan?

 

QS Best Student Cities reytingi faqat universitetlarning akademik natijalariga asoslanmaydi. Unda talabalar uchun shahardagi umumiy yashash va ta’lim sharoitlari ham hisobga olinadi.

 

Baholash oltita asosiy yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladi:

  • Universitetlar reytingi — shahardagi QS xalqaro reytingiga kirgan universitetlar soni va ularning natijalari;
  • Talabalar muhiti — mahalliy va xorijiy talabalar ulushi, xalqaro talabalar uchun ochiqlik va inklyuzivlik;
  • Shaharning jozibadorligi — xavfsizlik, havo ifloslanishi va talabalarning ushbu shaharda o‘qishga bo‘lgan qiziqishi;
  • Ish beruvchilar faolligi — bitiruvchilar uchun ish imkoniyatlari va ish beruvchilarning universitet bitiruvchilariga munosabati;
  • Hamyonboplik — kontrakt to‘lovlari va yashash xarajatlari;
  • Talabalar fikri — shaharning qulayligi, do‘stona muhiti, barqarorligi, xilma-xilligi va bitiruvchilarning o‘qishni tugatgandan keyin shu yerda qolish imkoniyatlari.

 

Reytingga kiritilish uchun shahar aholisi 250 mingdan ortiq bo‘lishi va unda QS World University Rankings reytingiga kiritilgan kamida ikkita universitet faoliyat yuritishi kerak.

 

Nega aynan Seul birinchi o‘rinda?

 

QS ma’lumotlariga ko‘ra, Seul universitetlarining xalqaro reytinglardagi natijalari va bitiruvchilar uchun ish imkoniyatlari shaharning yuqori o‘rin egallashida muhim rol o‘ynagan.

 

Janubiy Koreya poytaxti universitetlar reytingi ko‘rsatkichi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan. Shuningdek, ish beruvchilar faolligi yo‘nalishida ham yuqori natija qayd etgan.

 

Seul 2026-yilgi reytingda ham birinchi o‘rinni egallagan edi. Shu tariqa shahar ketma-ket ikkinchi yil dunyoning talabalar uchun eng yaxshi shahri deb topildi.

 

Avvalroq, dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingi e’lon qilinganini va O‘zbekistonning 8 ta universiteti undan joy olgani haqida maqola tayyorlagan edik.