Dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingi e’lon qilindi: O‘zbekistonning 8 ta universiteti undan joy olgan

Dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingi e’lon qilindi: O‘zbekistonning 8 ta universiteti undan joy olgan

Times Higher Education (THE) tashkiloti dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim reytinglaridan biri — “World University Rankings 2027” natijalarini e’lon qildi. Yangi reyting jahon oliy ta’lim tizimida darajalar asta-sekin o‘zgarayotganini ko‘rsatdi. AQSh va Buyuk Britaniya universitetlari yuqori o‘rinlardagi mavqeini saqlab qolgan bo‘lsa-da, Osiyo oliygohlari ularga tobora jiddiy raqobatchiga aylanmoqda.

 

2027-yilgi reyting 2026-yil sentabrida e’lon qilingan bo‘lib, unda 118 mamlakatdan jami 2 297 ta universitet o‘rin olgan. Bu Times Higher Education tomonidan e’lon qilingan reytinglarning eng keng qamrovlilaridan biri hisoblanadi. O‘zbekistondan 8 ta universitet umumiy jahon reytingidan joy oldi, yana 45 ta oliy ta’lim tashkiloti esa reytingda ishtirokchi sifatida qayd etildi.

 

Kuchli TOP-10’talik

 

Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti dunyoning eng yaxshi oliygohi maqomini yana bir bor saqlab qoldi. Shu tariqa Oksford ketma-ket 11-yil davomida THE reytingida birinchi o‘rinni egallamoqda.

 

Biroq bu yil universitetning yetakchiligi avvalgidek katta farq bilan emas. Ikkinchi o‘rinni egallagan AQShning “Massachusetts Institute of Technology” (MIT) universiteti Oksfordga juda yaqinlashgan. Ikki universitetning umumiy reyting ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi farq atigi 0,1 ballni tashkil etdi.

 

THE tahliliga ko‘ra, Oksford ilmiy tadqiqotlar samaradorligi, xalqaro ilmiy hamkorlik hamda doktorantlar va professor-o‘qituvchilar nisbati bo‘yicha kuchli natijalarni qayd etgan. MIT esa tadqiqot salohiyati, ilmiy ishlarning iqtibos qilinishi va talabalar hamda professor-o‘qituvchilar nisbati bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga ega.

 

Reytingning kuchli o‘ntaligida AQShning yetti, Buyuk Britaniyaning esa uchta universiteti bor. Princeton University va Stanford University uchinchi o‘rinni bo‘lishgan. University of Cambridge beshinchi, Harvard University oltinchi, California Institute of Technology yettinchi, Imperial College London sakkizinchi o‘rinni egallagan. University of California, Berkeley va Yale University esa to‘qqizinchi o‘rinni bo‘lishgan.

 

Osiyo universitetlari tarixiy natija qayd etdi

 

2027-yilgi reytingning eng muhim jihatlaridan biri Osiyo universitetlarining yuqori natijalaridir.

 

Xitoyning Tsinghua universiteti 11-o‘ringa ko‘tarildi. O‘tgan yil 12-o‘rinda bo‘lgan Tsinghua bu yil Shveytsariyaning ETH Zurich universitetini ortda qoldirdi.

 

Bu natija Osiyo oliy ta’limi uchun alohida ahamiyatga ega. Chunki ilk bor Osiyoning eng yuqori reytingli universiteti kontinental Yevropadagi eng yuqori reytingli universitetdan yuqoriroq pog‘onani egalladi. Xitoyning yana bir nufuzli oliygohi Peking University 13-o‘rinni egalladi. Singapurning National University of Singapore universiteti esa 15-o‘ringa ko‘tarildi.

 

Shu tariqa ilk bor Osiyoning uchta universiteti dunyoning eng yaxshi 15 ta universiteti qatoridan joy oldi. Bu natija Osiyo universitetlari so‘nggi yillarda ilmiy tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik va ta’lim sifati bo‘yicha erishayotgan yutuqlarning muhim ko‘rsatkichi sifatida baholanmoqda.

 

Xitoy universitetlari soni ham oshmoqda

 

Xitoyning reytingdagi mavqei faqat Tsinghua va Peking universitetlari bilan cheklanmaydi. 2027-yilgi reytingda Xitoyning eng yaxshi 200 ta universitet qatoridagi oliygohlari soni 17 taga yetdi.

 

THE ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu universitetlarning katta qismi o‘tgan yilga nisbatan o‘z pozitsiyasini yaxshilagan.Xitoy universitetlarining rivojlanishida davlat tomonidan ilmiy tadqiqotlarga katta mablag‘ ajratilishi, xalqaro akademik hamkorlik va ilmiy infratuzilmaning kengayishi muhim rol o‘ynamoqda.

 

Biroq THE tahlilida Xitoy universitetlarining ayrim ko‘rsatkichlari, xususan xalqaro ilmiy hamkorlik bilan bog‘liq jihatlarida muayyan pasayish kuzatilgani ham qayd etilgan. Bunga geosiyosiy vaziyat va xalqaro ilmiy hamkorlikdagi o‘zgarishlar sabab bo‘lishi mumkin.

 

AQSh hali ham kuchli, ammo ayrim ko‘rsatkichlar pasaymoqda

 

AQSh dunyoning eng kuchli universitetlari bo‘yicha hanuz yetakchi davlat bo‘lib qolmoqda. TOP-10’dagi yettita universitetning AQShga tegishli ekani mamlakatning global oliy ta’limdagi ustunligini ko‘rsatadi.

 

Shu bilan birga, THE reytingi AQSh universitetlari uchun ayrim xavotirli tendensiyalarni ham ko‘rsatmoqda. 2027-yilgi reytingda AQShning TOP-200’dagi universitetlari soni 53 tani tashkil etdi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan ikkita kam.

 

Tadqiqot salohiyati, ilmiy ishlarning iqtibos qilinishi va xalqaro talabalar bilan bog‘liq ayrim ko‘rsatkichlarda ham pasayish kuzatilgan. Shunga qaramay, AQSh universitetlari ilmiy tadqiqotlar, moliyaviy imkoniyatlar va xalqaro akademik obro‘ borasida dunyoda yetakchi bo‘lib qolmoqda.

 

Buyuk Britaniya universitetlari ham bosim ostida

 

Buyuk Britaniya universitetlari ham reytingning yuqori pog‘onalarini saqlab qoldi. Oksfordning birinchi o‘rindaligi, Cambridge va Imperial College Londonning kuchli o‘ntalikdan joy olgani mamlakatning global akademik mavqei yuqori ekanini ko‘rsatadi.

 

Biroq THE tahliliga ko‘ra, Buyuk Britaniya oliy ta’lim tizimida moliyaviy va ilmiy bosim kuchaymoqda. Universitetlarning ayrim moliyaviy ko‘rsatkichlari, tadqiqot daromadlari va sanoat bilan hamkorlik ko‘rsatkichlarida pasayish kuzatilmoqda.

 

Shunga qaramay, Buyuk Britaniya universitetlarining xalqaro obro‘si ularni reytingning yuqori o‘rinlarida ushlab turibdi.

 

Singapur universitetlari yuqorilashda davom etmoqda

 

Singapur Osiyodagi eng kuchli oliy ta’lim markazlaridan biriga aylanib bormoqda. National University of Singapore 15-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Nanyang Technological University 28-o‘ringa ko‘tarildi.

 

Singapur universitetlarining yuqori natijalarida xalqaro talabalar va professor-o‘qituvchilarni jalb qilish, ilmiy tadqiqotlarga e’tibor hamda universitetlarning xalqaro akademik hamkorlikdagi faol ishtiroki muhim rol o‘ynamoqda.

 

Malayziya ilk bor TOP-200’ga kirdi

 

2027-yilgi reytingda Malayziya uchun ham tarixiy natija qayd etildi. Mamlakat ilk bor dunyoning eng yaxshi 200 ta universiteti qatoridan joy oldi. Malayziya universitetlarining xalqaro talabalar va xorijiy professor-o‘qituvchilar bo‘yicha ko‘rsatkichlari yaxshilangani qayd etilgan.

 

Bu mamlakatning Janubi-Sharqiy Osiyoda xalqaro ta’lim markaziga aylanishga qaratilgan siyosati natijalaridan biri sifatida baholanmoqda.

 

Yaponiyada pasayish kuzatildi

 

Osiyo universitetlarining umumiy o‘sishiga qaramay, Yaponiya oliygohlari bu yil avvalgi natijalarini to‘liq saqlab qola olmadi. Mamlakatning eng yuqori reytingli oliygohi University of Tokyo 27-o‘rinni egalladi. Kyoto University esa 62-o‘rinni bo‘lishdi.

 

THE tahlilida Yaponiyaning oliy ta’lim tizimi oldida demografik muammolar, xususan aholining qarib borishi bilan bog‘liq muammolar mavjudligi qayd etilgan.

O‘zbekistonning sakkizta universiteti xalqaro reytingdan joy oldi

Times Higher Education “World University Rankings 2027” reytingida O‘zbekistondan jami 53 ta oliy ta’lim tashkiloti ishtirok etdi. Shundan 8 ta universitet umumiy jahon reytingidan joy oldi, yana 45 ta oliy ta’lim tashkiloti esa reytingda ishtirokchi sifatida qayd etildi.

 

O‘zbekiston oliygohlari orasida eng yuqori natijani Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti (“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti) qayd etdi. Universitet jahon reytingida 551–600-o‘rinlar oralig‘idan joy oldi.

 

Keyingi yuqori natija Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga tegishli. Mazkur universitet 651–700-o‘rinlar guruhidan o‘rin egalladi. Shuningdek, Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent davlat transport universiteti reytingning 1001–1200-o‘rinlar oralig‘idan joy oldi.

 

O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti esa 1201–1400-o‘rinlar guruhidan o‘rin egalladi. O‘zbekistonning reytingdagi sakkizinchi vakili — Toshkent davlat tibbiyot universiteti bo‘lib, u 2001+ guruhida qayd etilgan.

 

Shu tariqa, O‘zbekistondan ikki universitet dunyoning TOP-1000 taligiga kirgan. “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti 551–600-o‘rinlar, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti esa 651–700-o‘rinlar oralig‘ida qayd etilgan.

 

O‘zbekistonning reytingdagi ishtiroki mamlakat oliy ta’lim muassasalarining xalqaro maydondagi ko‘rinishi kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Biroq universitetlarning reytingdagi o‘rnini baholashda ularning tadqiqot sifati, ilmiy ishlarning iqtibos qilinishi, xalqaro hamkorlik, ta’lim muhiti va sanoat bilan aloqalari kabi ko‘rsatkichlari ham hisobga olinganini inobatga olish lozim.

 

Reytingga 2 297 ta universitet kiritildi

 

Maqola boshida aytganimizdek, Times Higher Education “World University Rankings 2027” reytingi 118 mamlakat va hududdagi 2 297 ta universitetni qamrab olgan.

 

Universitetlar 17 ta ko‘rsatkich asosida baholangan. Ular orasida ta’lim muhiti, ilmiy tadqiqotlar, tadqiqot sifati, ilmiy maqolalarning iqtibos qilinishi, sanoat bilan hamkorlik va xalqaro faoliyat kabi mezonlar mavjud.

 

Shu sababli THE reytingi universitetlarning shunchaki mashhurligini emas, balki ularning ta’lim, ilm-fan, tadqiqot va xalqaro faoliyatdagi umumiy salohiyatini baholashga harakat qiladi.

 

Jahon universitetlari xaritasi o‘zgarmoqda

 

2027-yilgi reytingning eng muhim xulosasi shuki, jahon oliy ta’limidagi an’anaviy kuchlar muvozanati asta-sekin o‘zgarib bormoqda.

 

Oksford, MIT, Harvard, Cambridge va boshqa G‘arb universitetlari hanuz eng yuqori pog‘onalarda. Biroq Tsinghua, Peking University va National University of Singapore kabi Osiyo OTMlari ularga tobora yaqinlashmoqda.

Ayniqsa Tsinghua University’ning 11-o‘ringa ko‘tarilishi ramziy ahamiyatga ega. Bu Osiyo universitetlarining global akademik maydondagi mavqei endi faqat mintaqaviy darajada emas, balki dunyoning eng kuchli universitetlari bilan bevosita raqobatlashadigan darajaga yetganini ko‘rsatmoqda.

 

Agar ushbu tendensiya davom etsa, kelgusi yillarda dunyoning eng kuchli universitetlari ro‘yxatida Osiyo oliygohlari yanada ko‘proq o‘rin egallashi mumkin.

 

Avvalroq, dunyoning turli universitetlarida amal qilinadigan noodatiy qoidalar va an’analar haqida maqola tayyorlagan edik.