Dunyodagi ayrim universitetlarda talabalar uchun odatiy ta’lim qoidalaridan tashqari, kutilmagan talablar ham mavjud. Ayrim oliygohlarda “ajdarho ovlash”, dron uchirish yoki yotoqxonada maxsus qurilmalardan foydalanish ham alohida tartibga solingan.
Universitet hayoti ko‘pchilik uchun ma’ruza, imtihon, kutubxona va talabalar turar joyidan iborat. Biroq turli mamlakatlardagi oliygohlar o‘ziga xos an’ana va tartiblarga ega bo‘lib, ularning ayrimlari boshqa universitetlarda tahsil olayotgan talabalar uchun g‘alati tuyulishi mumkin.
Quyida dunyoning turli universitetlarida uchraydigan noodatiy qoidalar va an’analar bilan tanishamiz.
Universitetda ayrim musiqa janrlarini tinglashga cheklov qo‘yilgan
AQShdagi Bob Jones nomidagi universitetda talabalar kampus hududida musiqa tanlash bo‘yicha ham ayrim qoidalarga rioya qilishi kerak.
Universitetning talabalar uchun belgilangan tartiblariga ko‘ra, ayrim zamonaviy musiqa janrlari va ijrochilarining qo‘shiqlaridan foydalanishga cheklovlar mavjud.
Masalan, rok, heavy metal (og‘ir metal — kuchli gitara sadolari, og‘ir ritm va keskin vokal bilan ajralib turadigan rok musiqasi yo‘nalishi), rep va ayrim boshqa janrlarga oid musiqa universitetning axloqiy va diniy qadriyatlariga mos kelmasligi sababli eshitish va baland ovozda qo’yish man etilgan.
Faqat tunda bo‘yalishi kerak bo‘lgan devor
Karnegi Mellon universitetidagi eng noodatiy an’analardan biri — kampus markazidagi “The Fence” deb ataladigan devorni talabalar tomonidan bo‘yash. Universitetning amaldagi qoidalariga ko‘ra, devorni faqat universitet talabalari bo‘yashi mumkin. U yarim tundan quyosh chiqishigacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida bo‘yaladi.
Yana bir qiziq qoida bor: devorni bo‘yashda faqat mo‘yqalam ishlatish mumkin. Sprey yoki valikdan foydalanish taqiqlangan. Bundan tashqari, devorning faqat bir qismini bo‘yashga ham ruxsat berilmaydi — u to‘liq qoplanishi kerak.
Xabarini devorda uzoqroq saqlab qolmoqchi bo‘lgan talabalar esa uni qo‘riqlab turishi kerak. Qoidaga ko‘ra, devor kamida ikki talaba tomonidan qo‘riqlanayotgan bo‘lsa, u himoyalangan hisoblanadi.
Bu an’ana yangi emas. Universitet ma’lumotlariga ko‘ra, talabalar “The Fence”ni 1923-yildan beri bo‘yab kelishadi. Dastlab devor bitiruvchilar uchun yig‘ilish joyi bo‘lgan, keyinchalik esa talabalar o‘z xabarlarini qoldiradigan o‘ziga xos maydonga aylangan.
Oksfordda talabalar o‘tni bosishi mumkin emas
Buyuk Britaniyadagi Oksford universiteti tarkibidagi ayrim kollejlarda talabalar maxsus maysazorlarga chiqishi mumkin emas. Masalan, Merton kollejida talabalar belgilangan hududlardagi o‘tloqlarda yurishiga ruxsat berilmaydi.
Magdalen kollejida esa maysazor ustidan qisqa yo‘l sifatida yurish ham taqiqlangan. Bunday qoidalar universitet hududidagi tarixiy bog‘ va maysazorlarni asrab-avaylash uchun joriy qilingan.
Biroq bu qoida Oksforddagi barcha maysazorlarga tegishli emas. Ayrim kollejlarda talabalar belgilangan hududlarda o‘tda o‘tirishi, dam olishi yoki sport bilan shug‘ullanishi mumkin. Ya’ni talaba kampusdagi istalgan maysaga chiqib ketishi emas, qaysi maysazordan foydalanish mumkinligi haqidagi qoidalarga amal qilishi kerak.
Yotoqxonada “tuman” yaratish mumkin emas
AQShdagi Boudoin kolleji yotoqxonalarida ham talabalar uchun kutilmagan taqiqlar bor.
Masalan, talabalar xonalarida “fog machine”, ya’ni sahna yoki tadbirlarda sun’iy tuman hosil qiluvchi qurilmadan foydalanish mumkin emas. Faqat universitetning “Residential Life” bo‘limidan oldindan ruxsat olingan maxsus tadbirlarda undan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.
Bundan tashqari, shamlar, yonuvchi suyuqliklar, feyerverklar va boshqa yong‘in xavfi tug‘diradigan buyumlar ham yotoqxonalarda taqiqlangan.
Universitetda “pterodaktil ovlash” o‘yini
Svartmor kollejida esa qoida emas, universitet hayotining o‘ziga xos an’anasi kishini hayratga solishi mumkin.
Bu yerda har yili Pterodactyl Hunt — “Pterodaktil ovi” o‘yini o‘tkaziladi. (Pterodaktil — qadimda yashagan, uchishga qodir bo‘lgan qanotli sudralib yuruvchi. U dinozavr emas, balki dinozavrlar davrida yashagan uchuvchi sudralib yuruvchilar guruhiga kiradi.)
An’ana 1980-yillarning boshida “talabalar hazili” sifatida boshlangan. Keyinchalik u to‘laqonli o‘yin va universitet an’anasiga aylangan.
O‘yin qoidasiga ko‘ra, talabalar fantastik qahramonlar obraziga kirib, o‘yinchoq qurollar bilan “jang qiladi”, turli jumboqlarni yechadi va xazina izlaydi. Ayrim talabalar pterodaktil, ajdarho yoki boshqa fantastik mavjudotlar rolini bajaradi.
Bugungi kunda tadbirga odatda 50–125 nafar talaba qatnashadi. Uni universitetdagi “Psi Phi” talabalar klubi tashkil qiladi.
Qoidalar ortida nima bor?
Bunday qoidalar bir qarashda g‘alati ko‘rinishi mumkin. Ammo ularning barchasi bir xil sababga ega emas.
Ayrimlari xavfsizlik bilan bog‘liq. Masalan, yotoqxonada sham, feyerverk yoki sun’iy tuman qurilmasidan foydalanishni cheklash yong‘in xavfini kamaytirishga qaratilgan.
Karnegi Melondagi qoidalar esa aksincha, universitetning tarixiy talabalar an’anasini saqlab qolishga xizmat qiladi. Universitet bu joyni talabalar fikrini ifodalash va jamoaviy hayotning bir qismi sifatida ko‘radi.
Shunday qilib, universitet hayoti faqat auditoriya, dars va imtihonlardan iborat emas. Ayrim oliygohlarda talabalar amal qiladigan qoidalar va asrab kelinayotgan an’analar kampus madaniyatining ajralmas qismiga aylangan.
Avvalroq, dunyoning nufuzli universitetlarida talabalar hayotiga singib ketgan o‘ziga xos va noodatiy an’analar haqida qiziqarli maqola tayyorlagan edik.
