Pianinoni tomdan tashlash, universitet binosidagi qurbaqani izlash: Mashhur universitetlardagi noodatiy an’analar

Pianinoni tomdan tashlash, universitet binosidagi qurbaqani izlash: Mashhur universitetlardagi noodatiy an’analar

Dunyoning nufuzli universitetlarida talabalar hayotiga singib ketgan o‘ziga xos va noodatiy an’analar mavjud. Ushbu maqolada ayrimlari g‘alati, ayrimlari esa qiziqarli tuyuladigan an’analar haqida so’z yuritamiz.

 

Massachusets texnologiyalar instituti (MIT)

 

Nafaqat AQShda balki jahonda eng nufuzli hisoblangan ushbu oliygoh talabalari o‘qishga ko‘p vaqt sarflashadi. Shu sababli, talabalar hordiq chiqarishga juda kam vaqt ajratishadi. Biroq, shu ozgina vaqtdan ham MIT talabalari antiqa usulda foydalanib qolishadi.

 

Har yili talabalar yotoqxona tomida yig‘ilishadi va tomdan pianinoni yerga qarab tashlashadi. Marosim uchun talabalar ishdan chiqqan, keraksiz pianinodan foydalanishadi.

 

Aytishlaricha, bu an’ana 1972-yilda amerikaliklar tomonidan o‘ylab topilgan. Pianinoni birinchi tomdan tashlagan talabaning ismi Charli Bruno bo‘lgan. Gap-so’zlarga ko‘ra, texnika instituti talabasi qo‘shnilari bilan yotoqxonada katta joy egallab turgan musiqa asbobini qanday qilib yo‘qotishga bosh qotirishgan. Shunda talabalardan biri pianinoni derazadan uloqtirish fikrini o‘rtaga tashlagan. Biroq, o‘sha paytda oliygoh ichki qoidalariga ko‘ra yotoqxona oynasidan narsa tashlash mumkin bo‘lmagan va pianino ham derazadan sig‘mas edi. Shunda, Bruno sheriklari bilan musiqa asbobini tomga olib chiqib yerga tashlagan.

 

Hozirgi kunda har bahor talabalar yotoqxonadagi ortiqcha buyumlarni tomdan tashlashadi.

 

Shvetsiya va Uppsala universitetlari

 

Shvetsiyaning Uppsala shahridagi Flogsta tumani talabalar uchun ajratilgan. U yerda o‘ziga xos urf-odatga ega bo‘lgan Shvetsiya va Uppsala universitetlari talabalari istiqomat qiladi. Soat 22:00 da hududga tashrif buyursangiz, mahalliy yotoqxonalarning derazalaridan yuzlab talabalarning qattiq qichqiriqlarini eshitasiz – ular kun davomida to‘plangan stressdan xalos bo‘lish uchun derazalarni ochib, xohlagancha qichqirishadi. Shvetsiyalik talabalarda kechqurun qichqirish an’anasi paydo bo’lganiga 50 yildan oshgan.

 

Yaponiya

 

Yaponiyada oliy o‘quv yurtlari talabalari imtihonlar oldidan «KitKat» shokoladini sotib oladilar, lekin uni yeyish uchun emas, balki tumor sifatida foydalanishadi. Yapon tilida “kitto katsu” iborasi mavjud bo‘lib, u «sen albatta uddalaysan» deb tarjima qilinadi va “KitKat” nomi ushbu ibora bilan hamohangdir. Shu sababli,  yaponlar uchun shirinlik muhim imtihonlar oldidan omad tumoriga aylangan.

 

Rossiyalik yosh shifokorlar

 

Rossiyada tibbiyot oliy o‘quv yurtlarini endigina bitirib, diplom olgan talabalar Sechenov, Pirogov va boshqa mashhur shifokorlarning haykallari tomon yo‘l oladilar. Talabalar diplom olar ekanlar, shifokorlik burchini sharaf bilan bajarishga va tibbiyot an’analariga amal qilishga qasamyod qiladilar.

 

Yosh shifokorlarning birinchi «haqiqiy» bemorlari yodgorliklar bo‘ladi – bitiruvchilar metall haykallarni bint bilan bog‘laydilar, ularga xalat va niqob kiygizadilar. Agar bintlar tugab qolsa, yosh mutaxassislar yodgorliklarni hojatxona qog‘ozi bilan o‘rashni boshlaydilar.

 

Ispaniyaning Salamanka universiteti

 

Ispaniyadagi Salamanka universiteti Yevropaning eng qadimiy universitetlaridan biri hisoblanadi. Ammo bu maskanning talabalar orasida mashhur bo‘lishiga uning ko‘p asrlik tarixi emas, balki kichkina bir qurbaqa sabab bo‘lgan.

 

Universitet binosining fasadi yuzlab nafis tosh o‘ymakorliklari bilan bezatilgan. Ular orasida esa ko‘z ilg‘ashi qiyin bo‘lgan qurbaqa haykalchasi yashiringan.

 

Aytishlaricha, universitetga endigina kirgan talaba bu qurbaqani topa olsa, hech qachon yomon baho olmaydi va u imtihonlarda muvaffaqiyat qozonadi. Shu sababli yangi talabalar universitetga kelgan ilk kunlardanoq fasadga tikilib, boshqa haykalchalar orasida berkitilgan qurbaqani topishga urinadilar.

 

Sent-Endryus universiteti

 

Shotlandiyaning ushbu oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan talabalar dastlabki haftalarda o‘zlarini uydagidek his qilishadi, chunki hamma ularga o‘z farzandlaridek munosabatda bo‘ladi. Universitetning har bir birinchi kurs talabasi «ota-onalar»ga ega bo‘ladi, ularning rolini yuqori kurs talabalari bajaradi: tajribali talabalar yangi talabalarni auditoriyagacha kuzatib qo‘yadilar, barcha qoidalarni tushuntirib beradilar, talabalar hayotining o‘ziga xos xususiyatlari bilan tanishtiradilar.

 

«Ota-ona»ning g‘amxo‘rligiga javoban yosh talabalar yuqori kurs talabalariga mayiz sovg‘a qilishardi, sovg‘asini unutganlar esa «ota-ona» tomonidan favvorada cho‘miltirilardi. Hozirda mayiz o’rnini bir shisha vino egallamoqda, favvoralarda cho‘milish esa ommaviy ko‘pik jangi bilan almashtirildi.

 

Kornell universiteti

 

XX asrning dastlabki yillarida arxitekturani o‘rganish bilan shug‘ullangan Kornell universiteti talabalari Avliyo Patrik kuni, arxitektura va ajdarlarni birlashtirib, o‘z bayramlarini yaratishga qaror qilishdi. Rivoyatlarga ko‘ra, aynan avliyo Patrik ilonlarni Irlandiya yerlaridan quvib chiqargan. Talabalar ilonlarning o‘lchamini kattalashtirishga qaror qilishdi va 1950-yillardan boshlab o‘zlarining bayramlarida birinchi kurs talabalari yasagan ulkan ajdarho shakli paydo bo‘ldi. Ajdarho shu nomdagi bayram — Ajdarho kunining ramziga aylandi. Avliyo Patrik kuni har yili 17-martda, me’morlar bayrami esa oy oxirida, ta’til boshlanishidan oldin o‘tkaziladi.

 

Dunyoning turli nufuzli universitetlarida talabalik hayotini yanada qiziqarli va unutilmas qiladigan o‘ziga xos an’ana va marosimlar mavjud. Pianinoni tomdan tashlash, birgalikda baland ovozda qichqirish, imtihon oldidan omad tumoriga ishonish yoki universitet binosidagi afsonaviy qurbaqani izlash kabi odatlar bir qarashda g‘alati tuyulishi mumkin.

 

Ammo, shunday noodatiy marosimlar talabalik davrini nafaqat bilim olish, balki unutilmas xotiralar, do‘stlik va qiziqarli voqealarga boy davrga aylantiradi.