Dunyodagi 114 ta ta’lim tizimida maktablarda mobil telefonlardan foydalanishga milliy darajada taqiq yoki cheklov mavjud. Bu ko‘rsatkich 2023-yil iyunidagi 24 foizdan 2026-yil martiga kelib 58 foizga yetgan.
Maktablarda mobil telefonlardan foydalanishni cheklash so‘nggi yillarda dunyo ta’lim siyosatidagi asosiy yo‘nalishlardan biriga aylandi. Hukumatlar bunday choralarni, avvalo, smartfonlarning dars vaqtida o‘quvchilarni chalg‘itishi, diqqatni susaytirishi va kiberbulling kabi muammolar bilan bog‘liq xavflar sababli joriy qilmoqda.
UNESCOning Global Education Monitoring Report ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil iyunida dunyo mamlakatlarining 24 foizida maktablarda mobil telefonlardan foydalanishga milliy darajada cheklov mavjud edi. 2025-yil boshida bu ko‘rsatkich 40 foizga, 2026-yil martida esa 58 foizga yetdi.
Shunday qilib, uch yil ichida telefonlardan foydalanishni cheklagan ta’lim tizimlari ulushi 34 foiz punktga oshgan.
Yangi davlatlar ham cheklov joriy qilmoqda
2025-yil oxiridan buyon Boliviya, Kosta-Rika, Xorvatiya, Gruziya, Maldiv orollari va Malta maktablarda mobil telefonlardan foydalanishga milliy darajada cheklov joriy qilgan davlatlar qatoriga qo‘shildi.
Biroq barcha mamlakatlarda bir xil tartib amal qilmaydi. Ayrim ta’lim tizimlarida telefonlardan foydalanish butunlay taqiqlansa, boshqalarida faqat dars vaqtida yoki maktab hududida foydalanish cheklanadi.
Ba’zi davlatlar esa umumiy taqiq o‘rniga maktablarning o‘ziga telefonlardan foydalanish bo‘yicha ichki qoidalarni ishlab chiqish majburiyatini yuklamoqda. Komor orollari, Kolumbiya, Estoniya, Litva, Islandiya, Peru, Indoneziya, Serbiya, Polsha va Filippin shunday yondashuvni qo‘llayotgan davlatlar qatorida.
Ayrim hollarda o‘quv maqsadlarida telefondan foydalanishga ruxsat beriladi. Shuningdek, nogironligi yoki sog‘lig‘i bilan bog‘liq ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilar uchun ham istisnolar mavjud.
O’zbekistonda qanday qoidalar mavjud?
O‘zbekistonda ham maktablarda mobil telefonlardan foydalanish bo‘yicha alohida tartib mavjud. 2012-yil 21-maydagi 139-son Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, o‘quv mashg‘ulotlari va tadbirlar boshlanishidan oldin o‘quvchilar telefonini o‘chirib, sumka yoki portfeliga solib qo‘yishi kerak. Dars vaqtida qo‘ng‘iroq qilish, xabar yuborish, musiqa tinglash, o‘yin o‘ynash, internetdan foydalanish, suratga yoki videoga olish taqiqlangan.
Biroq telefonlardan asosli va kechiktirib bo‘lmaydigan zarurat tug‘ilganda ota-ona, yaqin qarindosh yoki maktab xodimlari bilan bog‘lanish uchun foydalanishga ruxsat beriladi. Favqulodda vaziyatlarda esa telefondan foydalanishga cheklov qo‘yilmaydi. Qoidalarni buzgan o‘quvchiga ogohlantirish berilishi, ota-onasi chaqirilishi mumkin; pedagog xodim esa telefonni olib, maktab rahbariyatiga topshirish huquqiga ega.
Telefon taqiqi bolalarni raqamli muhitdan himoya qiladimi?
Maktablarda telefondan foydalanishni cheklash yetarli bo‘lmasligi mumkin. Sababi, o‘quvchilar maktabdan tashqari smartfonlar va ijtimoiy tarmoqlardan hech qanday taqiqsiz foydalanishmoqda.
UNESCO shu tufayli telefonni taqiqlash bilan bir qatorda raqamli savodxonlikni rivojlantirish zarurligini ta’kidlaydi. O‘quvchilar internetdagi ma’lumotlarning ishonchliligini baholash, ekran vaqtini boshqarish, kiberxavflarni aniqlash va raqamli platformalardan mas’uliyatli foydalanishni o‘rganishi kerak.
Hisobotda ijtimoiy tarmoqlarning bolalar va o‘smirlar farovonligiga ta’siri ham qayd etilgan. Xususan, qizlar onlayn muhitdagi kiberbulling, zararli kontent va tashqi ko‘rinish bilan bog‘liq bosimlarga ko‘proq duch kelishi mumkinligi haqida avvalgi tadqiqotlar keltirilgan.
Shu sababli ayrim davlatlar maktabdagi telefonlardan tashqari, bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga ham cheklovlar kiritmoqda. Avstraliya, Fransiya, Portugaliya va Ispaniyada bu borada qonunchilik choralari ko‘rilgan yoki muhokama qilingan. Daniya, Chexiya va Indoneziyada ham shu kabi takliflar ilgari surilgan.
Dunyo bo‘ylab cheklovlar ortmoqda
UNESCO ma’lumotlari maktablarda telefonlardan foydalanishga munosabat keskin o‘zgarayotganini ko‘rsatadi:
2023-yil — 24%
2025-yil — 40%
2026-yil — 58%
Ya’ni, hozir har 10 ta ta’lim tizimining qariyb 6 tasida maktablarda mobil telefonlardan foydalanishga milliy darajada qandaydir cheklov mavjud.
Biroq mamlakatlar uchun masala faqat telefonni taqiqlash bilan tugamayapti. Asosiy vazifa — o‘quv vaqtida diqqatni saqlash va shu bilan birga yoshlarni raqamli dunyoda to‘g‘ri harakat qilishga o‘rgatish o‘rtasidagi muvozanatni topishdan iborat.
Avvalroq, maktablarda o’quv yili boshlanganiga atalgan fotoreportaj e’lon qilgan edik.
