Bugun, 2-sentyabr kuni yurtimizdagi barcha umumta’lim muassasalarida 2026/2027-o‘quv yili boshlandi. Bu yil 795 ming nafardan ortiq bola 1-sinfga qadam qo‘ymoqda.
Xabaringiz bor, bugun, 2-sentyabr kuni respublikadagi umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yili boshlandi. 2026/2027-o‘quv yilida mamlakatimizdagi mavjud 10 225 ta umumta’lim maktabida 550 ming nafardan ortiq o‘qituvchi 6,7 million nafardan ortiq o‘quvchiga ta’lim-tarbiya beradi.
Shuningdek, yangi o‘quv yilida 795 ming nafardan ortiq birinchi sinf o‘quvchisi maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ymoqda.
An’anaga ko‘ra, 1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilarga “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlaridan so‘ng 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘asi” tantanali ravishda topshiriladi. Mazkur to‘plamga o‘quv sumkasi, daftarlar, ruchka, oddiy va rangli qalamlar, rangli qog‘oz, plastilin, rasm daftari, o‘chirg‘ich, akvarel bo‘yoqlari, yelim va qalamdon kiritilgan.
Yangi o‘quv yilining ilk kunida maktablarda o‘quvchilar, ota-onalar va ustozlar ishtirokida bayramona tadbirlar tashkil etildi.
“Talimxabarlari.uz” muxbiri Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida joylashgan 144-maktabda bo‘lib, yangi o‘quv yilining ilk kuniga xos quvonch, hayajon va unutilmas lahzalarni kadrlarga muhrladi.
Eslatib o‘tamiz, oliy ta’lim tashkilotlarida esa o‘quv jarayonlari bosqichga qarab turli sanalarda tashkil etiladi. Bunda 1-bosqich talabalari uchun darslar 7-sentyabrdan, 2-bosqich va undan yuqori bosqich talabalari uchun esa 14-sentyabrdan boshlanadi.






























