Ertaga barcha maktablarda yangi o‘quv yili boshlanadi

Ertaga barcha maktablarda yangi o‘quv yili boshlanadi

Ertaga, 2-sentyabr kuni respublikadagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 2026/2027-o‘quv yili boshlanadi. Yangi o‘quv yilida 795 mingdan ortiq bola 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan.

 

Xabaringiz bor, ertaga, 2-sentyabr kuni, respublikadagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 2026/2027-o‘quv yili boshlanadi.

 

Shuningdek, akademik litsey va texnikumlarda ham yangi o‘quv yilidagi darslar 2-sentyabrdan start oladi.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi o‘quv yilida respublika maktablarining 1-sinfiga 795 mingdan ortiq bola qabul qilinishi rejalashtirilgan.

 

An’anaga ko‘ra, 1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilarga “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlaridan so‘ng “Prezident sovg‘asi” tantanali ravishda topshiriladi.

 

Mazkur to‘plam 12 turdagi o‘quv qurollaridan iborat bo‘lib, unga o‘quv sumkasi, daftarlar, ruchka, oddiy va rangli qalamlar, rangli qog‘oz, plastilin, rasm daftari, o‘chirg‘ich, akvarel bo‘yoqlari, yelim va qalamdon kiritilgan.

 

“Prezident sovg‘alari” nafaqat davlat maktablari, balki nodavlat maktablar hamda boshqa vazirlik va idoralar tasarrufidagi ta’lim muassasalarining 1-sinf o‘quvchilariga ham beriladi.

 

Eslatib o‘tamiz, oliy ta’lim tashkilotlarida esa o‘quv jarayonlari bosqichga qarab turli sanalarda tashkil etiladi.

 

Bunda 1-bosqich talabalari uchun darslar 7-sentyabrdan, 2-bosqich va undan yuqori bosqich talabalari uchun esa 14-sentyabrdan boshlanadi.