2026/2027-o‘quv yilida super-kontrakt asosida o‘qishni rejalashtirayotgan abituriyentlar uchun ariza topshirish imkoniyati yaratildi. Ayni paytda kontrakt.edu.uz platformasi orqali 10 dan ortiq davlat oliy ta’lim tashkilotida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ariza berish mumkin.
Xabaringiz bor, avvalroq bir qator oliy ta’lim tashkilotlarida 2026/2027-o‘quv yili uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari tasdiqlangani haqida xabar bergan edik. Hozircha ayrim OTMlarda super-kontrakt narxlari 22,2 mln so‘mdan boshlanib, 269,9 mln so‘mgacha etib belgilangan.
Hozirda abituriyentlar kontrakt.edu.uz platformasi orqali super-kontrakt miqdorini bilishi va tegishli OTMda o‘qish uchun ariza topshirishi mumkin. Buning uchun abituriyentlar mazkur axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tib, tegishli ma’lumotlarni kiritishi lozim.
Qaysi oliy ta’lim tashkilotlarida super-kontrakt uchun arizalar qabul qilinayotganini ushbu platforma orqali tekshirish mumkin.
Shuningdek, Toshkent davlat yuridik universitetida ham 2026/2027-o‘quv yili uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish istagidagi abituriyentlardan arizalar qabul qilish boshlangan. Arizalarni kontrakt.edu.uz axborot tizimi orqali topshirish mumkin.
Universitet ma’lumotlariga ko‘ra, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun joylar soni cheklanmagan. Abituriyentlar belgilangan muddatlarda ariza topshirishi kerak.
