2027–2030-yillarda “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida 30 tagacha startap ochiq tanlov asosida moliyalashtiriladi. Har bir loyihaga “UzVC” milliy venchur fondi tomonidan uch yil muddatga foizsiz va garovsiz 5 mlrd so‘mgacha investitsiya kiritilishi mumkin.
Prezidentning 2026-yil 27-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 175-son farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 2027–2030-yillarda ustuvor sanoat yo‘nalishlaridagi startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushiriladi.
Dastur doirasida 8 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 30 tagacha startap ochiq tanlov orqali saralab olinadi.
Mablag‘ qanday beriladi?
Har bir startapga 5 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratiladi. Eng yuqori limitdan kelib chiqilsa, dastur doirasida jami 150 mlrd so‘mgacha mablag‘ yo‘naltirilishi mumkin.
Mablag‘ uch yil muddatga foizsiz va garovsiz beriladi. Biroq bu mablag‘ beg‘araz yordam hisoblanmaydi. Xususan, investitsiya kelgusida korxonadagi ulushga almashtiriladigan qarz yoki SAFE (Simple Agreement for Future Equity) — kelajakda ulush olishni nazarda tutuvchi investitsiya bitimi shaklida kiritiladi. Ya’ni startap rivojlanganidan so‘ng “UzVC” kiritgan mablag‘i evaziga kompaniyadagi muayyan ulushga ega bo‘lishi mumkin.
Bunda davlat ulushi kompaniya ustav kapitalining 49 foizidan oshmaydi. Startap ta’sischilariga esa ushbu ulushni keyinchalik bozor qiymatida qayta sotib olish huquqi beriladi.
Davlat ulushlarini sotish yoki konvertatsiya qilishdan tushgan mablag‘lar “UzVC” tasarrufida qolib, yangi startaplarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Qaysi startaplar moliyalashtiriladi?
Dastur doirasida quyidagi 8 ta yo‘nalishdagi loyihalar qo‘llab-quvvatlanadi:
- elektrotexnika — komponentlar, elektronika, sanoat sensorlari, “aqlli” hisoblagichlar, “aqlli uy” va “aqlli shahar” yechimlari;
- mashinasozlik va uskunasozlik — komponentlar, robototexnika, mashinani ko‘rish texnologiyalari, sanoat avtomatlashtiruvi, avtonom transport vositalari, agrotexnika va uchish apparatlari;
- farmatsevtika — biotexnologiyalar, farmatsevtik substansiyalar, tayyor dori vositalari, tibbiy buyum va uskunalar;
- kimyo sanoati — yangi avlod o‘g‘itlari, biopolimerlar, nanomateriallar, batareya kimyosi, funksional qoplamalar, elektron sanoat uchun kimyoviy materiallar;
- qurilish materiallari — energiya samarador va kompozit materiallar, qurilish robototexnikasi;
- suv va energiya tejovchi texnologiyalar — sun’iy intellekt asosida sug‘orish, suvni tozalash va qayta foydalanish, “aqlli” tarmoq, batareya texnologiyalari, quyosh panellarini monitoring qilish, energiya samarador uskunalar, qayta tiklanuvchi energetika;
- qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar — avtonom tizimlar, tahliliy texnologiyalar va resurs tejamkor mahsulot yetishtirish texnologiyalari;
- aerokosmos — dron, uchish apparatlari va ularning komponentlari, sunʼiy yoʻldosh texnologiyalari va uning komponentlari, geoinformatsion tizimlar, masofaviy zondlash texnologiyalari.
Tanlovdan o‘tgan loyihalarga “tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi ham qo‘llanadi. Bu ularga ayrim yangi mahsulot va texnologiyalarni maxsus sharoitlarda sinovdan o‘tkazish imkonini beradi.
Shuningdek, tegishli vazirlik, agentlik, kompaniya va sanoat uyushmalari startaplarga sohadagi korxonalar bilan tajriba-sinov ishlarini olib borish hamda buyurtma shartnomalarini tuzishda ko‘maklashadi.
Farmonda startap loyihalarga xususiy investitsiyalarni jalb qilishni ragʻbatlantirish maqsadida quyidagi tartib oʻrnatiladi:
- Startap ekotizimining yagona elektron platformasida roʻyxatdan oʻtgan startap loyihaning ustav kapitaliga pul mablagʻi, shu jumladan, SAFE yoki konvertatsiyalanadigan qarz shartnomasi asosida investitsiya kiritgan jismoniy shaxslarga “Startap investori” (Business Angel) maqomi beriladi;
- “Startap investori” maqomidagi investorlarning ulushlarni sotishdan olgan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod etiladi (bundan ushbu ulushlarni oʻz egaligida 3 yildan kam saqlagan hollar mustasno).
Avvalroq, prezident sovrini uchun “Sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap” tanlovini oʻtkazish tartibi tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.
