“Yangilik qilib Amerikani ochish shart emas” – Erkinjon Turdimov

“Yangilik qilib Amerikani ochish shart emas” – Erkinjon Turdimov

Ta’lim va ilm-fan vaziri jurnalistlarning savollariga javob berdi. Uning aytishicha, ta’lim olish uchun sharoitlar yaratilgan, faqat tartibni joyiga qo‘yish kerak.

 

21-oktyabr kuni Samarqandda “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlar barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” jahon sammiti doirasida Taʼlim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov muxbirlarning savollariga javob berdi.

 

Vazir jurnalistlarning “Endi sohada nima yangilik qilmoqchisiz?” degan savoliga quyidagicha javob qaytardi.

 

– Yangilik qilib Amerikani ochish shart emas. Bugungi kunda hamma sharoitlar davlat tomonidan yaratilgan. Men tartibni va talabni joyiga qo‘yib, samarali natijaga erishmoqchiman. Yangi qonunlar qabul qilmaymiz, – dedi Turdimov.

 

Suhbat davomida vazir sohani rivojlantirish uchun ota-onalar farzandlarining o‘qishi bilan shug‘ullanishi lozim ekanini va ta’lim sohasini rivojlantirish uchun jamoatchilik birgalikda harakat qilishi kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

 

– Ko‘pchilik farzandlari bilan dars qilmaydi. Kuniga hech bo‘lmaganda 1 soat bolalar bilan shug‘ullanish kerak. Agar farzandimiz bilan ishlamasak, o‘qishini yomonlayversak, o‘tirib nuqson izlasak qachon o‘qituvchilarni mavqeyi oshadi?

 

 Vazirlik maktabgacha ta’limda, maktabda, oliy ta’limda va ilm-fanda o’z o’rnini topishi kerak. Buning uchun jamoatchilik bilan birgalashib shu ishlarni qilamiz, – dedi Taʼlim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov.

 

Biroz avval, vazirning kadrlar masalasi haqida gapirgani haqida xabar bergan edik.