Qarshidagi texnikum bitiruvchilariga Yevropada 5 ming yevrogacha maoshli ish taklif qilinmoqda

Qarshidagi texnikum bitiruvchilariga Yevropada 5 ming yevrogacha maoshli ish taklif qilinmoqda

Qarshidagi texnikumda har yili 2,5 ming maktab o‘quvchisi kasb o‘rganadi, bitiruvchilarga esa Yevropada oyiga 5 ming yevrogacha maoshli ish taklif qilinmoqda.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazmoqda. Davlat rahbari Qarshi shahridagi Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi faoliyatiga to‘xtaldi.

 

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, Qarshi shahridagi Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumining 32 nafar ustasi yaqinda Germaniyada malaka oshirib qaytgan. Hozir ular Qashqadaryo viloyatidagi 57 ta texnikum ustalariga o‘z bilim va tajribalarini yetkazmoqda.

 

Texnikumda har yili 10–11-sinfning 2,5 ming nafar o‘quvchisi hunar o‘rganadi. Ular maktab attestati bilan birga kasbiy sertifikat ham oladi.

 

Germaniyalik o‘qituvchilar esa yiliga 1,5 ming nafar yoshga nemis tili va kasb o‘rgatmoqda.

 

Prezident loyiha doirasida tahsil olgan ilk bitiruvchilar bilan suhbatlashgan. Ularga Yevropada oyiga 3 mingdan 5 ming yevrogacha maosh to‘lanadigan ish o‘rinlari taklif qilinmoqda.

 

Shuningdek, tumanlardagi maktab o‘quvchilarini ushbu texnikum va yangicha metodika asosida ishlayotgan 57 ta texnikumga jalb qilishning aniq yo‘nalishlarini ishlab chiqish topshirilgan.

 

Avvalroq, UNESCO Yevropa Ittifoqi ko‘magida O‘zbekistonda kasbiy ta’limni rivojlantirish loyihasini amalga oshirayotgani haqida xabar bergan edik.