Maktab va bog‘cha ham bo‘lishi shart: Urbanizatsiya qo‘mitasi qurilish loyihalariga qo‘yiladigan talablarni ma’lum qildi

Maktab va bog‘cha ham bo‘lishi shart: Urbanizatsiya qo‘mitasi qurilish loyihalariga qo‘yiladigan talablarni ma’lum qildi

Yangi qurilish loyihalarida hududning kamida 30 foizi yashil maydon bo‘lishi, maktab va bog‘chalar kabi ijtimoiy obyektlar hamda zarur infratuzilma hisobga olinishi kerak. Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi qurilish loyihalariga qo‘yiladigan talablarni ma’lum qildi.

 

Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi yangi qurilishlarga qo‘yiladigan talablarni ma’lum qildi.

 

Unga ko‘ra, qurilishi rejalashtirilayotgan har bir loyihaga kompleks qurilish tamoyili asosida yondashib, uy-joylar bilan birga maktab, bog‘cha, ijtimoiy obyektlar, yo‘l, infratuzilma, hududda kamida 30 foizida yashil hudud inobatga olinishi kerak. Yer maydoni 1 gektargacha bo‘lgan kichik va zich qurilishlardan voz kechish zarur.

 

Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlariga kelib tushgan loyihalarni ko‘rib chiqishda quyidagi 3 ta asosiy jihatga e’tibor qaratmoqda:

 

Birinchisi — Tasdiqlangan Bosh rejaga mosligi. Loyiha hududning tasdiqlangan Bosh rejasiga muvofiq bo‘lishi shart.

 

Ikkinchisi — 30 foizlik yashil hudud mavjudligi.  Yashil maydonlar shaharning ekologik muvozanati va aholining sog‘lom muhitda yashashi uchun zarur.

 

Uchinchisi — Binolarning qavatlar sonining mutanosibligi. Qavatlar soni hududdagi kommunal va ijtimoiy infratuzilma imkoniyatlariga mos bo‘lishi kerak.