Dastur doirasida kasbiy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va talabalari atlas va adras kabi milliy matolardan zamonaviy mahsulotlar yaratish, dizayn yechimlarini ishlab chiqish hamda ularni tijoratlashtirish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqda.
UNESCO va Yevropa Ittifoqi ko‘magida O‘zbekistondagi kasbiy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va talabalari uchun dizayn, mahsulot yaratish hamda tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish dasturi amalga oshirilmoqda. Loyiha an’anaviy hunarmandchilikni zamonaviy bozor talablariga moslashtirishga qaratilgan.
UNESCO ma’lumotiga ko‘ra, loyiha Toshkent, Samarqand va Xorazmdagi kasbiy ta’lim muassasalarini qamrab oladi.
2026-yil 12–15-may kunlari Samarqandda innovatsion dizayn bo‘yicha to‘rt kunlik trening o‘tkazilgan. Unda qariyb 30 nafar o‘qituvchi va talaba ishtirok etib, dizayn, mahsulot ishlab chiqish va mahalliy materiallardan foydalanish bo‘yicha bilimlarini oshirgan.
Iyun oyida ishtirokchilarning bir qismi uchun to‘rt oylik mentorlik dasturi boshlangan. Unda amaliy mashg‘ulotlar va mutaxassislar ko‘magida mahsulot yaratish jarayoniga e’tibor qaratilgan.
Dastur doirasida tikuvchilik va mato bilan ishlashdan tashqari, ranglar uyg‘unligi, kiyim kolleksiyasini yaratish, brendlash va mahsulotni bozorga olib chiqish masalalari ham o‘rgatiladi.
UNESCO materialida ishtirokchi Muqaddas Abdurahimovaning rassom Van Gog asarlaridan ranglarni matoda ifodalash uchun ilhom olgani keltirilgan. Yana bir ishtirokchi Manzura Bekchanova esa an’anaviy atlas va adras matolaridan noodatiy usullarda foydalanish hamda kolleksiya yaratish bo‘yicha tajriba orttirgan.
Loyihaning asosiy maqsadi kasbiy ta’limda o‘rgatiladigan ko‘nikmalarni mehnat bozori talablariga yaqinlashtirishdir. Tashabbus orqali mahalliy hunarmandchilik mahsulotlarining qiymatini oshirish, yoshlarning bandligi va tadbirkorlik imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
UNESCO ma’lumotida mentorlik dasturi 2026-yil sentyabr oyi oxirigacha davom etishi rejalashtirilgani qayd etilgan. Biroq loyiha yakunlari, yaratilgan mahsulotlar soni va ishtirokchilarning keyingi bandligi bo‘yicha yakuniy raqamlar ochiq materialda keltirilmagan.
Avvalroq, Ta’lim va ilm-fan vazirligining yangi tuzilmasi tasdiqlangani haqida xabar bergan edik.
