Samarqandda 11-sinf o‘quvchisi SAT 1400, CEFR B2 hamda matematika B natijali sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Ayni damda u ingliz tilidan bilim darajasini yangilashga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Samarqand viloyati Payariq tumanidagi nodavlat ta’lim muassasasining 11-sinf o‘quvchisi Xurshid Shirinboyev SAT imtihonidan 1400 ball to‘pladi. Mazkur o‘quvchi bilan talimxabarlari.uz muxbiri suhbatlashdi.
Uning aytishicha, natijaga erishish uchun ikki yil ingliz tili va matematikani o‘rgangan, imtihonga esa to‘rt oy davomida intensiv tayyorgarlik ko‘rgan.
Xurshidning ta’kidlashicha, unda matematikaga bo‘lgan qiziqish bolaligidan bor bo‘lgan. SAT va CEFR imtihonlarini topshirishga nufuzli universitetlarga kirish, grant yutish va bilimini xalqaro darajada sinash istagi sabab bo‘lgan.
O‘quvchining so‘zlariga ko‘ra, dastlabki ikki yil davomida ingliz tili va matematikadan mustahkam bilim bazasini shakllantirgan. SAT imtihonining formati va topshiriqlariga moslashish uchun esa to‘rt oy intensiv shug‘ullangan.
Tayyorgarlik jarayonida u kun tartibiga alohida e’tibor qaratgan.
Meni hech kim majbur qilmadi, bu o‘z kelajagim uchun qilgan shaxsiy tanlovim bo‘ldi. Umumiy poydevor yaratish uchun 2 yil davomida ingliz tili va matematikani muntazam o‘rgandim. SAT imtihonining o‘ziga xos formati va topshiriqlariga moslashish uchun esa bevosita 4 oy davomida intensiv tayyorlandim. Strong poydevor sababli 4 oylik aniq yo‘naltirilgan tayyorgarlik menga 1400 ball olishimga yetarli bo‘ldi.
Kunlik vaqtimni juda intizom bilan boshqardim. Har kuni miya va tana yaxshi hordiq chiqarishi uchun 8 soat uxlashga va kamida 5 soatni faqat dars qilishga ajratdim. Maktab darslari bilan birga olib borish oson bo‘lmadi, lekin to‘g‘ri reja va keraksiz chalg‘ishlardan voz kechish orqali buni uddaladim.
Asosan rasmiy va sifatli manbalardan foydalandim: SAT uchun Khan Academy, Bluebook amaliyot testlari va College Board resurslari. Matematika bo‘yicha yoshlikdan bor poydevorim sababli murakkab masalalar to‘plamlari hamda rasmiy mock-testlar ustida ishladim. Ingliz tili uchun esa kerakli gramatika va lug‘at bazasini beruvchi darsliklar hamda test platformalaridan foydalandim.
Uning aytishicha, eng katta qiyinchilik SAT imtihonining Reading & Writing qismidagi murakkab matnlarni tez va aniq tahlil qilish bo‘lgan. Ba’zan charchoq va motivatsiyaning pasayishi ham kuzatilgan. Bunday paytlarda dam olish, uyqu rejimiga rioya qilish va maqsadlarini eslash orqali tayyorgarlikni davom ettirgan.
Motivatsiya pasayganda o‘zimga majburlab dars qildirmay, biroz dam berdim. To‘liq 8 soatlik uyqu, qisqa tanaffuslar va o‘z oldimga qo‘ygan katta maqsadlarimni eslash orqali yana darsga qaytardim. Motivatsiyaga emas, kunlik intizomga ko‘proq tayanib ish tutdim. Imtihon vaqtida hayajon bo‘lishi tabiiy holat. Buni yengish uchun imtihonni shunchaki navbatdagi oddiy amaliyot testi (mock test) deb tasavvur qildim. Javobni kutish vaqti esa har kuni shaxsiy kabinetni tekshirish va hayajonli sabrsizlik bilan kechdi, — deydi Xurshid.
O‘quvchi imtihon paytidagi hayajonni kamaytirish uchun testni navbatdagi oddiy sinov sifatida tasavvur qilgan. Natijalar e’lon qilingach, ekranda 1400 ballni ko‘rishi unga ikki yillik mehnati va intensiv tayyorgarligi samarasini his qilish imkonini bergan.
SAT olmoqchi bo‘lganlarga maslahatim: avvalo ingliz tili va matematika poydevorini mustahkamlab oling. Kuniga 7–8 soat uxlashni kanda qilmang, chunki toliqgan miya bilan natijaga erishish qiyin. Har kuni kamida 4–5 soat chalg‘imagan holda shug‘ullaning va yechgan testlaringizdagi xatolar ustida chuqur ishlang. Hozirda Xurshid SAT natijasini yanada yaxshilash va IELTS imtihonidan yuqori ball olish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda. Uning kelgusidagi maqsadi AQSh va Yevropadagi nufuzli universitetlardan biriga to‘liq grant asosida o‘qishga kirish.
Xurshidni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Ma’lumot uchun, Xurshid Shirinboyev SAT natijasi orqali O‘zbekistonning qator oliygohlariga va boshqa xalqaro universitetlar filiallariga muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyati bor.
Avvalroq, qashqadaryolik bitiruvchi 10 ga yaqin oliygohlardan qabul xati olgan bilan talimxabarlari.uz muxbiri suhbatlashgan edi.
