Milliy sertifikat imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tishda ayrim hududlar uchun ajratilgan o‘rinlar tez to‘lib qolayotgani yuzasidan senator Bilim va malakalarni baholash agentligi direktoriga so‘rov yubordi.
Milliy sertifikat olish imtihonlari uchun roʻyxatdan oʻtishdagi oʻzgarishlar yuzasidan senator soʻrovi yuborildi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlis senati xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, milliy sertifikat olish imtihonlariga roʻyxatdan oʻtish ayrim hududlarda juda qisqa vaqt ichida yopilib qolgani ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar, pedagoglar va boshqa talabgorlarning eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
Xususan roʻyxatdan oʻtishda nafaqat ariza topshirishning umumiy muddati, balki talabgor tanlagan hudud uchun ajratilgan oʻrinlar soni ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Chunki umumiy muddat hali yakunlanmagan boʻlsa-da, muayyan hudud uchun ajratilgan oʻrinlar toʻlib qolgan taqdirda, ushbu hududda boshqa talabgorlar roʻyxatdan oʻtolmasligiga olib keladi.
Keng jamoatchilikda bunday amaliyot oʻrinlar soni qanday mezonlar asosida belgilanayotgani, ushbu mezonlar real talabni qanchalik aks ettirayotgani va talabgorlarning imtihonda qatnashish imkoniyatlari teng taʼminlanayotgani yoki aksincha taʼminlanmayotgani haqida oʻrinli savollarni keltirib chiqarmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu mavzu keng muhokamalarga sabab boʻlganligini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi K. Tursunov Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori M.Karimovga senator soʻrovi bilan murojaat qildi.
Senator hudud va fanlar kesimida oʻrinlar ajratishda qanday mezonlar qoʻllanilishi hamda roʻyxatdan oʻtish jarayonida oʻrinlar mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ochiqligini taʼminlash boʻyicha koʻriladigan texnik va tashkiliy choralar yuzasidan tushuntirishlar berishni soʻragan.
Bundan tashqari, har bir hudud uchun oʻrinlar sonini belgilashda potensial talabgorlar soni hisobga olinishi, basharti bir hududda ajratilgan oʻrinlar toʻlganda, boshqa hududlarda esa boʻsh oʻrinlar mavjud boʻlgan taqdirda, ushbu oʻrinlarni talab yuqori boʻlgan hududlarga qayta taqsimlash imkoniyati bor yoki yoʻqligiga aniqlik kiritish, shuningdek, qoʻshimcha oʻrinlar yoki qoʻshimcha imtihonlar tashkil etish hamda imtihonlar qamrovini kengaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida asoslantirilgan javob berish ham nazarda tutilgan.
Eslatib oʻtamiz, mazkur senator soʻroviga javob qonunda belgilangan tartibda oʻn kun ichida beriladi.
Pedagoglarga milliy sertifikat imtihoni uchun 50 foizlik imtiyoz qo‘llanilmayotgani ham muhokamalar markazida bo‘lib turibdi. Mazkur holat bo‘yicha Bilimni baholash agentligining Talimxabarlari.uz ga bergan rasmiy javobini bu yerda o‘qishingiz mumkin.
