Prezident Qarshi davlat universitetidagi sharoitlar bilan tanishdi

Prezident Qarshi davlat universitetidagi sharoitlar bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifi davomida Qarshi davlat universitetida yaratilgan sharoitlar, xalqaro ta’lim dasturlari va ilmiy laboratoriyalar faoliyati bilan tanishdi.

 

Qarshi davlat universitetida 14 mingdan ortiq talaba bakalavriat va magistratura bosqichlarida kunduzgi, sirtqi va masofaviy shakllarda tahsil olmoqda. Oliygohda 579 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritadi.

 

Prezidentga ta’lim dasturlarini xalqaro talablarga moslashtirish borasidagi ishlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, ingliz filologiyasi, matematika, amaliy matematika va fizika yo‘nalishlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilgan. Rossiya va Belarus oliy ta’lim muassasalari bilan 14 ta qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yilgan.

 

Tilshunoslik fakultetida ming o‘rinli zamonaviy media studiya hamda xitoy, nemis, fransuz, ingliz va rus tillari markazlari tashkil etilgan. Xalqaro dasturlar doirasida sinxron tarjimonlar tayyorlanmoqda.

 

Yettita laboratoriyani birlashtirgan Xalqaro laboratoriyalar markazida sun’iy intellekt, mashinaviy o‘qitish va robototexnika yo‘nalishlarida tadqiqotlar olib borilmoqda.

 

O‘tgan yili universitetda keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Uchta yangi talabalar turar joyi qurilib, 1 300 dan ortiq qo‘shimcha o‘rin yaratildi. Natijada talabalarning turar joyiga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qoplangan.

 

Universitet hududida 240 o‘rinli bolalar bog‘chasi, kutubxona, oshxonalar, yoshlar markazi va anjumanlar saroyi ham faoliyat yuritmoqda. Oliy ta’lim muassasasi qoshida “Lochin” futbol jamoasi tashkil etilib, uning mashg‘ulotlari uchun zamonaviy maydon qurilgan.

 

Davlat rahbari universitetning talabalar uchun xizmat ko‘rsatish markazi faoliyatini ko‘zdan kechirdi.

 

Avvalroq, Qarshidagi texnikum bitiruvchilariga Yevropada 5 ming yevrogacha maoshli ish taklif qilinayotgani haqida xabar bergan edik.