Ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirayotgan oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, startaplar hamda tegishli mas’ul shaxslar sun’iy intellekt infratuzilmasidan bepul yoki imtiyozli shartlarda foydalanishi mumkin. Buning tartibi Hukumatning tegishli qarori bilan tasdiqlandi.
Hukumatning 2026-yil 20-oktyabrdagi 581-son qarori bilan Oliy taʼlim, ilmiy tashkilotlar, startaplar hamda hokimlarning raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga masʼul boʻlgan maslahatchilarining ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalari uchun Raqamli texnologiyalar vazirligining sun’iy intellekt infratuzilmasidan bepul yoki imtiyozli foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, katta til modellari texnologiyasidan foydalanadigan loyihalar uchun dasturiy interfeys orqali 6 oygacha bepul xizmat ko‘rsatiladi. Bunda bir kalendar oyida 10 million token hajmidagi ma’lumotlarni qayta ishlashga ruxsat beriladi.
Agar bir oyda 10 million tokendan ortiq foydalanilsa, qo‘shimcha 50 million tokengacha bo‘lgan hajm uchun belgilangan tariflar asosida to‘lov amalga oshiriladi. Xususan, tarif boʻyicha 50 foiz miqdorida chegirma taqdim etiladi, foydalanilmagan tokenlar keyingi oylarga oʻtkazilmaydi.
Katta til modellariga kirmaydigan sun’iy intellekt modellarini o‘rgatish, sinovdan o‘tkazish, validatsiya qilish, baholash va inferens maqsadlarida foydalanish uchun ham imkoniyat yaratiladi. Bunda foydalanuvchi arizasiga muvofiq 6 oygacha muddatga jami 120 gigabaytdan oshmaydigan videoxotira ajratiladi.
Loyihalar tanlov asosida saralanadi
Sun’iy intellekt infratuzilmasidan imtiyozli foydalanish huquqini olish uchun loyihalar tanlov orqali saralab olinadi. Tanlov yiliga ikki marta — iyul va noyabr oylarida o‘tkaziladi. Arizalar 100 balli tizim asosida baholanadi.
Tanlov natijalaridan norozi bo‘lgan ishtirokchilar natijalar e’lon qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida apellyatsiya komissiyasiga elektron shaklda shikoyat berishi mumkin. Shikoyatlar besh ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Nizomga muvofiq, bir foydalanuvchiga bir vaqtning o‘zida bittadan ortiq loyihani amalga oshirishga ruxsat berilmaydi.
Shuningdek, foydalanuvchilar olingan ma’lumotlarni belgilangan maqsadlardan tashqari qayta ishlashi, uchinchi shaxslarga berishi, nusxalashi, tarqatishi yoki tijorat maqsadlarida foydalanishi mumkin emas. Qonunchilik hujjatlari yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
