Xabaringiz bor, Prezidentning 2025-yil 22-oktyabrdagi 189-son Farmoniga muvofiq 2026-yil 1-yanvardan boshlab Prezidenti sovrini uchun “Sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovi oʻtkazilishi belgilangan. Endi Prezidenti sovrini uchun “Sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovini oʻtkazish tartibi tasdiqlandi.
Hukumatning joriy yil 5-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovini oʻtkazish tartibi to‘g‘risida”gi 288-son qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, mazkur tanlov uchun hujjatlar har yilning iyul oyidan boshlab awards.gov.uz portal orqali qabul qilinadi.
Tanlov g‘oliblari sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida xizmatlar ko‘rsatuvchi mas’ul tashkilot tomonidan aniqlanadi.
Tanlov bosqichlari va tartibi
Ushbu tanlovda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston hududida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishtirok etishi mumkin. Jamoalar tarkibi 3–8 kishidan iborat bo‘lishi kerak.
Tanlov 5 bosqichda o‘tkaziladi:
- birinchi bosqichda – Tashkiliy qo‘mita tomonidan har yili 1-iyuldan 1-avgustga qadar awards.gov.uz portal orqali arizalar qabul qilinadi. Ishtirokchi jamoalar barcha ma’lumot va materiallarni o‘zbek, rus va ingliz tillarida taqdim etadilar;
- ikkinchi bosqichda – ishchi organ 20-avgustga qadar maxsus portal orqali kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan materiallarning to‘liqligini ko‘rib chiqib, talablarga mosligini tekshiradi;
- uchinchi bosqichda – jamoalar uchun har yili 5-sentyabrga qadar an’anaviy (oflayn) tarzda loyihalar taqdimoti tashkil etiladi. Baholash mezonlari asosida har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ul tashkilot baholari asosida eng yuqori natijalarga ega bo‘lgan 5 ta (jami 25 ta) ishtirokchi tanlab olinadi va keyingi bosqichga o‘tadi;
- to‘rtinchi bosqichda – har yili 1-dekabrga qadar ishtirokchi jamoalar uchun mas’ul tashkilot tomonidan akseleratsiya dasturi tashkil etiladi va uning yakuni bo‘yicha masofaviy va an’anaviy tarzda loyihalar taqdimoti tashkil etiladi. Bunda mas’ul tashkilot baholari asosida eng yuqori natijaga ega bo‘lgan 3 tadan (jami 15 ta) jamoa keyingi bosqichga o‘tadi.
Izoh: Akseleratsiya dasturi – rivojlanishning boshlang‘ich bosqichida bo‘lgan startap loyihalarga ega jamoalar uchun ekspert maslahatlari, tajriba almashish va o‘quv kurslari orqali qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish va startap loyihani keyingi bosqichga tayyorlashga qaratilgan intensiv ta’lim dasturi.
- Beshinchi bosqichda – har yili 25-dekabrga qadar Tashkiliy qo‘mita tomonidan belgilangan sana va joyda an’anaviy tarzda loyihalarning yakuniy taqdimoti o‘tkaziladi. Loyihalarning yakuniy taqdimoti bir yoki bir necha kun bo‘lishi mumkin.
Yakuniy baholash natijasiga ko‘ra, har bir yo‘nalish bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan 1,2 va 3-o‘rinlarni egallagan (jami 15 ta) ishtirokchi jamoalar tanlovning g‘oliblari hisoblanadi. Tanlov g‘oliblariga pul mukofotlari ikki transhda o‘tkazib beriladi.
Tanlovda ishtirok etish uchun pul undirilmaydi. Shuningdek, tanlovda qatnashish uchun jamoalarga faqat ikki yo‘nalish doirasida o‘zaro o‘xshash bo‘lmagan ikki xil loyiha bo‘yicha ariza topshirishga ruxsat etiladi.
To‘liq ma’lumot bilan tanishish — Faylni yuklash
Avvalroq, “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari”: 2025-yilda eng yuqori natijaga erishgan yoshlar va o‘qituvchilar taqdirlangani haqida xabar bergan edik.
