Rossiya maktablarda kibersport darslarini joriy etmoqchi

Rossiya maktablarda kibersport darslarini joriy etmoqchi

Rossiya maktablarida kiber sport bo‘yicha mashg‘ulotlar joriy etilishi mumkin. Bu haqda Rossiya Kompyuter sporti federatsiyasi prezidenti Dmitriy Smit TASS muxbiriga Sharqiy iqtisodiy forum doirasida ma’lum qildi.

 

“Biz maktab hamjamiyati bilan faol ishlayapmiz. 2018-yildan buyon har yili Maktab ligasi o‘tkazib kelinmoqda. Rossiya Kompyuter sporti federatsiyasiga Rossiya Federatsiyasi Ma’rifat vazirligi tomonidan maktablarda kibersport mashg‘ulotlarini joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berilgan”, dedi Dmitriy Smit.

 

Uning ta’kidlashicha, Rossiya Ma’rifat vazirligining 2023-yil 18-maydagi 371-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan o‘rta umumiy ta’limning federal ta’lim dasturida “Jismoniy tarbiya” fanining mazmunini yangilash doirasida sportga yo‘naltirilgan ta’lim shakllarini rivojlantirish va joriy etish nazarda tutilgan. Bunda o‘quvchilar orasida ommalashgan sport turlari, jumladan, kompyuter sportidan ham foydalanish mumkin.

 

Kibersport bir nechta sport yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi. Ular qatoriga jangovar arena, raqobatbardosh boshqotirmalar, sport simulyatori, real vaqt strategiyasi, taktik uch o‘lchamli jang, texnik simulyator va fighting kabi yo‘nalishlar kiradi.

 

Federatsiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mazkur yo‘nalishlardan “Jismoniy tarbiya” fanini o‘qitish jarayonida foydalanish ko’zlanmoqda.

 

“Biz barcha maktablarda o‘quvchilar shunchaki o‘yin o‘ynamaydigan, balki mashq qiladigan darslar paydo bo‘lishini rejalashtiryapmiz. Bu mashg‘ulotlarda ularga ko‘nikmalar, intizom, jamoada ishlash, to‘liq bo‘lmagan ma’lumot sharoitida hamda vaqt yetishmayotgan vaziyatlarda qaror qabul qilish qobiliyatlari o‘rgatiladi”, — dedi Smit.

 

Uning fikricha, kelgusida kibersport ham miqdor, ham sifat jihatidan rivojlanib boradi.

 

Avvalroq,  Rossiyada universitet talabasi neyron tarmoq orqali depressiyani aniqlashning yangi usulni ishlab chiqqani haqida xabar bergan edik.