Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yangilash bo‘yicha takliflar bilan tanishdi. Unda 2027/2028-o‘quv yilidan “Davolash ishi” o‘rniga 6 yillik “Umumiy tibbiyot” dasturini joriy etish, rezidentura va uzluksiz kasbiy ta’limni takomillashtirish taklif qilinmoqda.
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash, ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda uzluksiz kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda, avvalo, tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish choralari koʻrib chiqildi. Takliflar Kembrij, Pensilvaniya va Garvard universitetlari tavsiyalari asosida, xalqaro va mahalliy mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqilgan.
Endilikda tibbiyot oliygohlariga qabul parametrlari hududlar va tibbiyot muassasalarining real ehtiyoji, kadrlar yetishmovchiligi asosida shakllantiriladi. Davlat buyurtmasi yoʻnalishlar kesimida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
2027/2028-oʻquv yilidan “Davolash ishi” yoʻnalishi oʻrniga 6 yillik “Umumiy tibbiyot” bakalavriat dasturini joriy etish taklif qilinmoqda. Besh yillik taʼlimdan keyin talabalar bir yil toʻliq amaliy tayyorgarlikdan oʻtadi. Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oilaviy shifokor sifatida ishlash imkoniyatiga ega boʻladi.
Oilaviy tibbiyot boʻyicha kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Rezidentlarning oilaviy poliklinikalarda bir vaqtning oʻzida oʻqishi va amaliyot oʻtashi yoʻlga qoʻyiladi. Tor soha mutaxassislarini tayyorlash esa bosqichma-bosqich rezidenturaga oʻtkazilib, magistratura asosan ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga yoʻnaltiriladi.
Oʻrta tibbiyot kadrlarini tayyorlashda ham yangicha yondashuvlar joriy etiladi. Oliy maʼlumotli hamshiralarning tashxis, davolash va profilaktika jarayonlarida shifokorga yaqin koʻmakchi sifatidagi oʻrni oshiriladi.
Farmatsevtika taʼlimi ishlab chiqarish bilan yanada yaqin bogʻlanadi. Korxonalar ehtiyoji asosida dual taʼlim kengaytirilib, amaliy mashgʻulotlar ulushini oshirish, talabalarni dori vositalarini ishlab chiqishdan tortib, sifat nazorati va standartlashtirishgacha boʻlgan jarayonlarga jalb qilish belgilanmoqda.
Tizim kredit-modul tamoyiliga asoslanadi. Oliy maʼlumotli tibbiyot va farmatsevtika xodimlari har yili kamida 50 kredit, oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari esa 28 kredit toʻplashi belgilanmoqda. Ushbu kreditlar davlat roʻyxatidan oʻtish va kasbiy malakani tasdiqlashda hisobga olinadi.
