Joriy yil may oyida Xitoy orqali Tailandga jo‘nab ketgan va bedarak yo‘qolgan 19 yoshli rossiyalik qiz qarindoshlari bilan bog‘landi. Bu haqda 24-avgust kuni Chuvashiya Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Avvalroq, 12-avgust kuni Chuvashiya Ichki ishlar vazirligi RIA Novosti’ga bedarak yo‘qolgan talabaning otasi politsiyaga murojaat qilganini ma’lum qilgan. Qiz Nijniy Novgoroddagi oliygoh talabasi bo‘lgan, biroq Cheboksari shahrida tug‘ilgan.
Izoh: Chuvashiya – bu Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Respublika.
Otasining so‘ziga ko‘ra, qiz joriy yil may oyining oxirida sayyohlik maqsadida Pekinga jo‘nab ketgan. Rossiyaning Xitoydagi elchixonasi esa rossiyalik qiz 21-may kuni Tailandga uchib ketganini bildirgan.
Qarindoshlarining so‘zlariga ko‘ra, qiz avval o‘z jamg‘armasidan akasiga 350 ming rubl qarz bergan. May oyining o‘rtalarida u akasidan qarzini qaytarishni so‘ragan, shundan so‘ng barcha pullarini yig‘ib, bedarak yo‘qolgan.
24-avgust kunidagi Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, uch oy vaqt davomida aloqaga chiqmagan talaba qiz oilasi bilan bog‘langan. Videomuloqot vaqtida qizning ota-onasi ekranda aynan o‘z qizlarini ko‘rganiga ishonch hosil qilgan va unda xavotir uyg‘otadigan holatlarni sezmagan. Qiz yordam yoki pul ham so‘ramagan.
Bedarak yo‘qolgan qiz yaqinlari bilan videomuloqot orqali bog‘lanib, o‘zida hammasi yaxshi ekanini aytgan. U Bangkokda ekanini ma’lum qilgan, — deyiladi xabarda.
Shunga qaramay, Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati vakili talabaning ota-onasi yaqin kunlarda politsiyaga borib, qizni qidirish ishlarini to‘xtatish bo‘yicha ariza yozishi kerakligi ta’kidlangan.
Avvalroq, bedarak yo‘qolgan 43 nafar talaba ishida gumonlanayotgan sobiq hokim qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
