Milliy sertifikat hamda attestatsiya sinovlari bir kun va bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolgan taqdirda, pedagog uzrli sababni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan holda attestatsiya sinovini boshqa sanada topshirishi mumkin.
Kuni kecha biologiya, kimyo, fizika va matematika fanlaridan milliy sertifikat imtihonlari uchun ruxsatnomalar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, biologiya fanidan imtihonlar 21- va 23-noyabr, kimyo fanidan esa 22- va 24-noyabr kunlari o‘tkazilishi belgilangan.
Shu bilan birga, biologiya va kimyo fani o‘qituvchilari uchun attestatsiya sinovlari 23–24-noyabr kunlariga rejalashtirilgan. Natijada milliy sertifikat imtihoniga ro‘yxatdan o‘tgan ayrim pedagoglarning milliy sertifikat va attestatsiya imtihonlari bir kunga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Amaldagi tartibga ko‘ra, uzrli sabab bilan attestatsiya sinovida qatnasha olmagan pedagogning sinovi boshqa muddatga ko‘chiriladi. Bunday holatda pedagogdan attestatsiya uchun yig‘im takroran undirilmaydi.
Shu bois milliy sertifikat imtihoni bilan attestatsiya sinovi bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolgan pedagog attestatsiyada qatnasha olmasligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan holda boshqa kuni topshirishi mumkin.
Milliy sertifikat imtihoniga kela olmagan talabgor nima qiladi?
Agar talabgor turli sabablarga ko‘ra milliy sertifikat test sinovida ishtirok eta olmasa, imtihon o‘tkaziladigan kundan kamida uch kun oldin Bilim va malakalarni baholash agentligiga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali elektron shaklda murojaat qilishi lozim.
Uzrli sababga ko‘ra testda qatnasha olmagan talabgor kasalligi yoki oila a’zolaridan biri vafot etganini tasdiqlovchi hujjatlarni imtihon o‘tkazilgan sanadan boshlab besh ish kunidan kechiktirmay YIDXP orqali Agentlikka yuborishi mumkin.
Bunday talabgor navbatdagi imtihonda qatnashish yoki to‘lovni qaytarish bo‘yicha murojaat qilish huquqiga ega. Navbatdagi test sinovida ishtirok etishni so‘ragan talabgorga qayta to‘lov qilmasdan imtihonda qatnashish imkoniyati beriladi. To‘lovni qaytarish so‘ralgan taqdirda esa mablag‘ belgilangan tartibda to‘liq qaytariladi.
