“Hayajonga berilsam, istagan natijamni ololmasdim” — Jizzaxda 10-sinf o‘quvchisi IELTS’dan 8,5 ball oldi

“Hayajonga berilsam, istagan natijamni ololmasdim” — Jizzaxda 10-sinf o‘quvchisi IELTS’dan 8,5 ball oldi

Jizzaxda 10-sinf o‘quvchisi Askarova Bibisora IELTS 8,5 ballik xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritdi. Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan suhbatlashdi.

 

Jizzax viloyati Jizzax shahridagi 8-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Askarova Bibisora xalqaro IELTS imtihonida 8,5 ball to‘pladi.

 

Bibisoraning Talimxabarlari.uz sayti muxbiriga ma’lum qilishicha, u ingliz tiliga bo‘lgan qiziqishi 6-sinfdan boshlangan. O‘quvchi dastlab “General English” bo‘yicha o‘z maktabidagi ingliz tili o‘qituvchisidan ta’lim olgan. IELTS imtihoniga tayyorgarlikni boshlashidan avval esa National Multilevel imtihonida qatnashib, C1 darajasini qo‘lga kiritgan.

 

2026-yil boshida u IELTS imtihoniga tayyorlanish uchun SpotOne o‘quv markazida o‘qishni boshlagan. Dastlab maktab mashg‘ulotlari va qo‘shimcha tayyorgarlikni birga olib borish biroz qiyin bo‘lgan.

 

Boshida maktab darslari bilan o‘z o‘qishlarimni birga olib borish qiyinroq bo‘lgan. Keyinchalik maktabdagi darslarim va fan olimpiadalari ham ingliz tiliga asoslanganligi sababli bu tartibga moslashib ketdim. Boshida hamma kabi oʻrtacha kuniga 3-3.5 soatdan shugʻullanganman, keyin imtihonimdan 2 oy oldin shu soat ni 4-4.5 ga koʻpaytirganman, — deydi Bibisora.

 

Har bir ko‘nikma ustida alohida ishlagan

 

O‘quvchining ta’kidlashicha, yuqori natijaga erishishida ustozlarining ko‘magi muhim o‘rin tutgan. Listening va Reading bo‘limlari uchun Thematic Reading hamda Thematic Listening kitoblaridan foydalangan.

 

Writing ko‘nikmasini rivojlantirishda howtodoielts.com saytidagi mavzularni o‘rgangan va ular ustida ustozlari bilan ishlagan. Speaking bo‘yicha esa kundalik muloqot orqali mashq qilishga e’tibor qaratgan.

 

Shu bilan birga, tayyorgarlik davomida Bibisora har oy sinov imtihonlarida qatnashib kelgan. Biroq mock testlarda kuchli hayajon va qo‘rquv sababli natijalari har doim ham kutganidek bo‘lmagan.

 

Bu esa ayrim paytlarda uning motivatsiyasi pasayishiga olib kelgan.

 

Tushkunlikka tushgan paytlarimda biroz muddat darslardan chalg‘ib, o‘zim yoqtirgan mashg‘ulot bilan shug‘ullanganman. Miyam dam olgandan keyin yana darslarimni davom ettirganman. Tabiatan tezda hayajon va tahlikaga tushadigan qiz boʻlganim sababli mock imtihonlarimda qattiq hayajonda boʻlganman. Natijada, javoblarim xohlaganimdek chiqmasdi. Lekin imtihon kuni agar hayajonga tushsam oʻzim xohlagan natijani ololmasligimni tushundim va tinchlanib, qoʻrqmasdan testni ishlab chiqdim, — eslaydi u.

 

Kutilmagan 8,5 ball

 

O‘quvchining ta’kidlashicha, IELTS imtihonidan keyin natija deyarli bir sutka ichida e’lon qilingan. Qisqa muddatda natijasi chiqqani sabab, stressga tushmagan bo‘lsa-da, ballarini ko‘rish paytida biroz hayajonlangan.

 

Natijamni ochayotganimda qo‘rquvdan qo‘llarim qaltirayotganini sezdim. Lekin ballarni ko‘rganimda juda hayron qoldim. Chunki overall 8,5 emas, 7,5 yoki 8,0 ball olishimni kutgandim.

 

IELTS o‘rganishni boshlayotganlarga tavsiyasi

 

Bibisora IELTS tayyorgarligini endi boshlayotgan tengdoshlariga, avvalo, “General English” bilimlarini mustahkamlashni tavsiya qiladi.

 

Uning fikricha, tilning asosiy bilimlarini puxta egallash keyingi bosqichlarda yuqori natijalarga erishish uchun muhim.

 

Hozirda o‘quvchi milliy va boshqa xalqaro imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shuningdek, ona tili va matematika fanlarini ham o‘rganmoqda.

 

Uning kelgusidagi maqsadi — O‘zbekistondagi davlat universitetlari bilan bir qatorda xorijiy oliy ta’lim muassasalariga ham hujjat topshirish.

 

Bibisorani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilaymiz!

 

Agar sizda ham shu kabi natijalar bo‘lsa @talimxabarlariga_bot orqali murojaat qilishingiz mumkin.

 

Avvalroq, joriy yil aprel oyida Angrenda 9-sinf o‘quvchisi Malika Xoliqberdiyeva IELTS xalqaro imtihonidan 8.5 ball olgani haqida xabar bergan edik. Intervyuni o‘qish