OpenAI’ning sun’iy intellekt modeli 350 dan ortiq matematik masalani yechdi. Endi esa olimlar o‘z kasblarini yangidan anglab, faoliyatlarini qayta ko‘rib chiqishlariga to‘g‘ri kelishini his qilmoqda.
ChatGPT neyron tarmog‘ini ishlab chiquvchi OpenAI kompaniyasi joriy yil 6-oktyabr kuni GitHub platformasida matematikaning aksariyat yo‘nalishlariga oid 372 ta ochiq masalaning yechimlarini e’lon qildi.
Kompaniya ushbu masalalarni o‘zining yangi modeli yechganini bildirdi. Bu model bundan biroz avval matematikaning “Ming yillik muammolari” deb ataluvchi 7 ta muammosidan biri — Navye–Stoks tenglamalariga oid muammoni ham yechgani haqida xabar berilgandi.
Matematiklar birinchi natijaning ahamiyatini hali to‘liq anglab ulgurmagan bir paytda, yangi natijalar ularni hayratda qoldirdi. Ko‘pchilik o‘zlari sevib bajargan kasbiy faoliyat endi avvalgidek bo‘lmasligini anglamoqda.
OpenAI modeli olimlar yillar davomida ishlagan masalalarni yechdi
Joriy yil 21-sentyabr kuni OpenAI hali ommaga taqdim etilmagan yangi modeli uzoq vaqtdan beri yechimini kutayotgan ko‘plab matematik masalalarni hal qilgani haqida ma’lum qildi. Bu aynan yaqinda “Ming yillik muammolari”dan biri bo‘lgan Navye–Stoks tenglamalariga oid muammoni yechgani aytilgan modeldir. Ushbu 7 muammoning har birini hal qilganlik uchun bir million dollar mukofot belgilangan.
Navye–Stoks tenglamalariga oid muammo yechilgani haqidagi xabar 8-sentyabr kuni e’lon qilingan va matematiklar orasida sarosima uyg‘otgan.
Birinchidan, inson tadqiqotchilari ham ushbu muammoning yechimiga yaqinlashib qolgan edi. Shu sababli u “Ming yillik muammolari” orasida navbatdagi yechiladigan masala bo‘lishi mumkin deb hisoblangan. Ikkinchidan, yechim ustida ishlagan ikki tadqiqotchi OpenAI kompaniya neyron tarmoqlari bilan bo‘lishgan ilmiy ishlanmalaridan foydalangan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan. Uchinchidan, OpenAI yangi modelining natijalarini tushunish nihoyatda qiyin bo‘lgan.
Braun universiteti matematigi Xaver Gomes-Serano:
Bu maqola odamlar uchun yozilmagan, — degan.
Uning fikricha, ushbu ish jiddiy qayta ishlangandan keyingina matematik bilimlarning rivojlanishiga xizmat qilishi mumkin.
372 ta natija va olimlarning xavotirlari
Navye–Stoks tenglamalari atrofidagi shov-shuv hali bosilmasidan, OpenAI yuzlab boshqa matematik masalalar ham yechilganini e’lon qildi. Kompaniya 2026-yil 21-sentyabr kuni bu haqda rasmiy bayonot berib, 6-oktyabrda esa yechimlarni GitHub platformasida e’lon qilgan.
OpenAI ma’lumotiga ko‘ra, yangi model sinovdan o‘tkazilayotganda unga qariyb 4 mingta masala berilgan va u 372 ta natijani taklif qilgan.
6-oktyabr kungi e’londa shu mavzuga oid insonlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga havolalar ham keltirilgan. Shuningdek, 10 ta yechim bo‘yicha neyron tarmoqning fikrlash jarayoni qisqacha bayon qilingan. Shu tariqa OpenAI Navye–Stoks tenglamalariga oid ishidan keyin matematiklar bildirgan tanqidlarning bir qismini inobatga olishga uringan.
Shunga qaramay, yangi e’lon ham olimlar orasida xavotir uyg‘otgan. Bu borada Filds mukofoti laureatlari va OpenAI hamkorlik qilishga kelishgan mustaqil AGMAI maslahat guruhi a’zolari ham o‘z tashvishlarini bildirgan.
OpenAI esa AGMAI guruhining asosiy talabini — modellarni ochiq matematik masalalar yordamida sinashni umuman to‘xtatish haqidagi taklifini — bajarmagan.
Scientific American’ning yozishicha, “Proofs and Prompts” matematik blogi OpenAI’ning yangi e’loniga bildirilgan yuzdan ortiq munosabatni jamlagan. Ayrimlar kompaniyani akademik standartlarga yetarlicha rioya qilmayotganlikda tanqid qilgan. Boshqalar neyron tarmoq natijalarini hali tekshirish zarurligini ta’kidlagan. Yana bir guruh olimlar esa tadqiqotlar uchun ochilayotgan yangi imkoniyatlardan ruhlangan. Biroq eng keng tarqalgan munosabat hayrat va sarosima bo‘lgan.
“Biz kasbimizni yangidan anglashimiz kerak”
Bir kun kelib bizdan o‘zib ketishlarini va bu muntazam ravishda sodir bo‘lishini bilardim. Ammo kechagi xabarlar men kutganimdan ancha kuchli ta’sir qildi. Men o‘zim ham ishlagan mavzularga bag‘ishlangan o‘nlab ilmiy ishlarni ko‘rdim. Bu juda katta zarba bo‘ldi. Men nima qilishni bilmay qoldim. Ertaga yo‘lini topamiz. Kasbimizni yangidan anglab, unga moslashamiz. Biz mustahkam hamjamiyatmiz va moslasha olishimizga shubha qilmayman. Ammo hozir bunga kuchim yetmayapti. Shu yillarni, shu insonlarning barchasini o‘ylayapman… Hamkasblarim, talabalarim haqida o‘ylayapman… Va to‘g‘ri so‘zlarni topa olmasligimdan qo‘rqyapman, — deb yozdi Ugo Dyuminil-Kopen.
Dyuminil-Kopen — Jeneva universiteti professori va 2022-yilgi Filds mukofoti laureati. U fazaviy o‘tishlar qonuniyatlarini tadqiq qiladi. 30-avgust kuni u “Proofs and Prompts” blogida sun’iy intellektning matematika uchun xavflari haqida maqola e’lon qilgandi.
Maqolada neyron tarmoqlarning nihoyatda murakkab masalalarni yecha olishi olimlarga tezkor natijalar berishi, biroq izlanish jarayonining o‘z qiymatini yo‘qotishiga olib kelishi mumkinligi ta’kidlangan. Vaholanki, yechim izlash jarayonining o‘zi, hatto muvaffaqiyatsiz urinishlar ham, yangi g‘oyalarni yuzaga keltiradi, ilm-fanning yangi yo‘nalishlarini rivojlantiradi va talabalarga ilmiy tadqiqot olib borishni o‘rgatadi.
Avvalroq, OpenAI’ning o‘smirlar uchun ChatGPT’da joriy etgan xavfsizlik mexanizmlari kutilgan natijani bermayotgani haqida tadqiqot natijalari e’lon qilingandi.
