Ta’lim va ilm-fan vazirligi maktabga tayyorlov guruhlarining tashkil etilishi, mashg‘ulotlar va to‘lov tartibiga oid savollarga izoh berdi.
Farzandim tayyorlovga qayerga boradi va kim dars oʻtadi?
Maktabga tayyorlov bogʻchalarda va maktablarning boʻsh sinfxonalarida tashkil etiladi. Olis hududlarda bogʻcha va maktab boʻlmasa, ‘‘Kelajak’’ markazi, texnikum yoki boshqa ijtimoiy soha obyektida ham guruh ochilishi mumkin.
Maʼlumot uchun: Hozirda 98 foiz (726 921 nafari) 6 yoshli qamrab olingan, ularning 489 172 nafar (66,2 foiz) bogʻchada, 19 910 nafar (2,7 foiz) qisqa muddatli va mobil guruhlarda 2 836 nafar (0,4 foiz), 215 003 nafari (29,1 foiz) maktabda (boʻsh sinfxonada).
Tayyorlov guruhidagi mashgʻulotlarni oliy maʼlumotli pedagog-tarbiyachi yoki oliygohning maktabgacha taʼlim yoʻnalishida bitiruvchi kursda oʻqiyotgan talaba olib boradi.
Bolam oʻz bogʻchasida qolsa, unga kim dars oʻtadi?
Bogʻchaga qatnayotgan bola tayyorlov mashgʻulotlarini oʻsha bogʻchada oʻtaydi. Mashgʻulotni bogʻcha tarbiyachisi olib boradi.
Maktab binosida ochilgan tayyorlov guruhi uchun shu guruh bilan ishlaydigan alohida pedagog ishga olinadi.
Ikki-uch smenali maktabda tayyorlovga joy topiladimi?
Hozirda ham 4 000 dan ortiq maktabning bosh turgan xonalarida tayyorlov guruhlari tashkil etilgan. Yaqinda yana 191 ta maktabda 246 ta guruh tashkil etiladi.
Koeffitsiyenti yuqori maktablarda tayyorlov guruhlari tashkil etilmaydi.
Faqat bosh oʻrni bor, maktabga tayyorlov sinfini tashkil etish imkoniyatiga ega maktablarda tashkil etiladi.
Tayyorlov pedagogi alohida ishga olinadimi? Ish haqi qanday toʻlanadi?
Maktabda ishlab turgan oʻqituvchilar oʻz darslarini qoldirib, tayyorlov guruhlariga yuborilmaydi. Hozirda bolalarning 98 foizi qamrab olingan va guruhlar pedagoglar bilan taʼminlangan.
Qamrovni 100 foizga yetkazish uchun taxminan 800 ta guruh va 20 mingga yaqin qoʻshimcha oʻrin yaratishga ehtiyoj yuzaga keladi.
Bu xarajatlar 2027-yilgi budjetda nazarda tutiladi.
Xususiy bogʻchada ham tayyorlov bepulmi?
Davlat maktablari va bogʻchalarida bu bepul amalga oshiriladi.
Hozirgidek nodavlat maktabni tanlaganidek, ota-ona xususiy taʼlim tashkilotini tanlasa, shartnoma asosida borishi mumkin.
Farmonda maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlariga bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat berilgan.
Farzandini xususiy bogʻchada maktabga tayyorlovga jalb qilish yoki qilmaslik ota-onalarning ixtiyoridagi masala.
Bir yillik tayyorlovda bolalar nimani oʻrganadi?
Tayyorlov guruhlarida alohida dastur asosida taʼlim beriladi. Unda oʻyin metodikasi orqali dastlabki tushunchalar singdiriladi.
Masalan, jismoniy rivojlanish va sogʻlom turmush tarzi, nutq, muloqot, oʻqish va yozish koʻnikmalari, bilish jarayonlari, ijodiy rivojlanish.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 12 yillik maktab ta’limiga o‘tishga oid qonun loyihasi Senatga yuborilganligi haqida xabar berilgan edi. Bir yillik maktabga tayyorlovni majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida belgilash taklif etilmoqda.
