Serbiyaning Kragujevats shahridagi Birinchi texnika maktabida 17 yoshli o‘quvchi kichik kalibrli miltiqdan o‘q uzgan. Hodisa oqibatida ikki kishi jarohatlangan, gumonlanuvchi esa politsiya tomonidan qo‘lga olingan.
Serbiyaning Kragujevats shahrida joylashgan Birinchi texnika maktabida otishma sodir bo‘ldi. Hodisa bugun ertalab soat 08:00 atrofida yuz bergan. Serbiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, huquq-tartibot organlari otishmada gumon qilinayotgan 17 yoshli o‘quvchini qo‘lga olgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi texnikum foyesida kichik kalibrli miltiqdan o‘q uzgan. Jabrlanganlardan biri o‘qotar quroldan otilgan o‘q tegishi oqibatida, ikkinchisi esa singan oyna parchalari sabab jarohatlangan.
Vazirlik xabarida ta’kidlanishicha, hodisa oqibatida ta’lim muassasasi o‘quvchilari orasida jabrlanganlar yo‘q.
Hozirda hodisa yuzasidan tegishli tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada maktab o‘quvchilari orasiga pirotexnika vositasi tashlanishi oqibatida 40 nafarga yaqin bola jabrlangani haqida xabar bergan edik.
