Oliy ta’lim hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi birlashtirildi

Oliy ta’lim hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi birlashtirildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etiladi.

 

Yangi tizim mamlakatda ta’lim, tarbiya va ilm-fan sohalarini yagona boshqaruv asosida rivojlantirishga qaratilgan.

 

Islohotning asosiy maqsadi ta’lim va ilm-fan tizimini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.

 

Shuningdek, ta’limning barcha bosqichlari o‘rtasidagi uzviylik va izchillikni ta’minlash ko‘zda tutilmoqda. Bunda maktabgacha ta’limdan boshlab umumiy o‘rta, professional va oliy ta’limgacha bo‘lgan bosqichlar, shuningdek, ilmiy faoliyat yagona boshqaruv tizimi doirasida qamrab olinadi.

 

Farmonda ta’lim va ilm-fan sohasida yagona samarali boshqaruv tizimini joriy etish hamda uning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.

 

Mazkur o‘zgarishlar natijasida mamlakatdagi ta’limning turli bosqichlari o‘rtasidagi hamkorlik va uzviylikni kuchaytirish, ta’lim sifati hamda ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish maqsad qilingan.