Ta’lim vaziriga xodimlarni suhbat asosida ishga olish vakolati berildi

Ta’lim vaziriga xodimlarni suhbat asosida ishga olish vakolati berildi

Prezident qaroriga asosan, Ta’lim va ilm-fan vaziriga xodimlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri suhbat asosida ishga qabul qilish vakolati beriladi.

 

Prezidentning 2026-yil 19-oktyabrdagi “Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 380-son qarori qabul qilindi.

 

Qarorga ko‘ra, Ta’lim va ilm-fan vazirligi ta’lim, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.

 

Vazirlikda autsorsing asosida quyidagi faoliyat yo‘lga qo‘yiladi:

 

– aholi murojaatlari, shikoyatlari, takliflari va e’tirozlarini qabul qilish, ularni tezkor ko‘rib chiqish hamda tegishli tashkilotlarga yo‘naltirish maqsadida «Call-markaz»;

– aholi hamda ta’lim va ilm-fan tizimi xodimlari bilan tizimli muloqotni ta’minlash, ta’lim xizmatlari sifati, ommabopligi va mavjud muammolar yuzasidan tezkor axborot olish hamda tahlil qilish maqsadida qayta aloqa tizimi.

 

Ta’lim va ilm-fan vaziri huzurida ta’lim oluvchilar, talabalar, ota-onalar, pedagoglar va ish beruvchilar vakillaridan iborat Ta’lim bo‘yicha jamoatchilik kengashi tashkil etiladi.

 

Vazirlik hay’ati vazir (hay’at raisi), uning o‘rinbosarlari, Vazirlik huzuridagi agentliklar direktorlari, shuningdek, yetakchi oliy ta’lim tashkilotlari rektorlari, olimlar va pedagoglar orasidan 15 nafar a’zodan iborat tarkibda tuziladi.

 

Vazirga istisno tariqasida Vazirlikning markaziy apparatiga 2027-yil 1-fevralga qadar xodimlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri suhbat asosida ishga qabul qilish vakolati beriladi.

 

Shuningdek, Prezident Administratsiyasi huzurida Inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tashkil etiladi.

 

Vazirlik huzurida Inson kapitalini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Ta’lim va ilm-fan bo‘yicha strategik tadqiqotlar va baholash markazi tashkil etiladi.

 

Bundan tashqari, Vazirlik huzurida Bilim va malakalarni baholash agentligi tashkil qilinmoqda, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ta’limni rivojlantirish markazi faoliyati tugatilmoqda.

 

Avvalroq, Prezidentning yangi qaroriga muvofiq barcha oʻquvchi, talaba va oʻqituvchilar psixologik diagnostikadan oʻtkazilishi, natijani sunʼiy intellekt tahlil qilishi haqida xabar berilgandi.